Janubiy Koreya delegatsiyasi 9-iyul, dushanba kuni KXDRga 1950—1953-yillardagi Koreya urushi tufayli bo‘linib ketgan oilalar a’zolarini uchrashtirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun keldi. Tadbir 20—26-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Yonhap agentligiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
22 kishilik delegatsiya tarkibiga “Qizil xoch” jamiyatining Janubiy Koreya bo‘limi a’zolari ham kirgan. Delegatsiya a’zolari Kimgansan dam olish maskaniga keldi. Oilalarning uchrashuvi ham shu yerda o‘tkazilishi kutilmoqda. Kimgansanga bu yerning infratuzilmasini ta’mirlash va qayta tiklash uchun ishchilar ham kelgan.
Urush oqibatida oila a’zolari yarimorolning narigi tarafida qolib ketganlar 57 ming nafar kishini tashkil qiladi. Ularning aksariyati yaqinlarini 1953-yildan buyon ko‘rmagan.
Izoh (0)