G‘uzor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga G‘uzor tumani Xalqobod qishlog‘ida yashovchi fuqaro Jarqin Haydarova shikoyat ariza bilan murojaat qildi. Murojaatda tuman elektr ta’minoti korxonasi mas’ul xodimlari xizmatidan noroziligini bildirgan, deb yozadi O‘zA.
Iste’molchi elektr energiya to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirib kelgan, ammo korxona nazoratchisi tomonidan elektr hisoblagich ko‘rsatgichi ortiqcha kiritilishi natijasida fuqaro xonadoniga 2 129 089 so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangan.
Murojaatda keltirilgan holatni bartaraf etish va iste’molchiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida G‘uzor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari ishtirokida o‘rganish ishlari tashkil etildi. Natijada iste’molchi xonadonidagi elektr hisoblagichning oxirgi ko‘rsatgichi 2329 kVt/s ni tashkil etgan bo‘lsa-da, tuman Majburiy ijro byurosi xodimi Sh.Qo‘ldashevning o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani oqibatida hisoblagich ko‘rsatgichi 15370 kVt/s ga oshirib ko‘rsatilgan va 2018-yil 5-mart holatida 2 129 089 so‘m sun’iy qarzdorlik hisoblanganligi aniqlandi.
Ishda to‘plangan hujjatlarga asoslanib, tuman jamiyati tomonidan iste’molchi manfaatini ko‘zlab dalillarga huquqiy baho berish va arizachining talabini qanoatlantirishini so‘rab G‘uzor tuman ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud qonun talabidan kelib chiqib, shikoyat arizasini qanoatlantirishni lozim topdi va qaror qabul qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, arizachi Jarqin Haydarovaning G‘uzor tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining xatti-harakati ustidan bergan shikoyat arizasi qanoatlantirildi. Fuqaro abonent raqamiga hisoblangan qarzdorlik g‘ayriqonuniy deb topildi va Majburiy ijro byurosi G‘uzor tuman bo‘limi hamda G‘uzor tuman elektr ta’minoti korxonasi zimmasiga fuqaro nomiga hisoblangan 2 129 089 so‘m qarzdorlikni bekor qilish majburiyati yuklatilib, G‘uzor tuman Majburiy ijro byurosi xodimi Sh.Qo‘ldoshev hisobidan davlat foydasiga 172 240 so‘m davlat boji undirildi.
Izoh (0)