Dehqonobod kaliy zavodi MChJ bosh direktori Hamidulla Shermatov “Zumk-Injiniring” MChJning kasodga uchragani borasida rasmiy pozitsiyasini e’lon qildi, deb yozmoqda Spot.
Shermatovning aytishicha, u boshqarayotgan korxona kombinat qurilishi pudratchisi bo‘lgan Rossiya kompaniyasi bilan hisob-kitob qilib bo‘lgan va barcha qarzlaridan qutilgan.
Avvalroq arbitraj sudi “Zumk-Injiniring” MChJning kasodga uchraganini e’lon qilgan. Kompaniya vakillarining fikricha, Dehqonobod kaliy zavodi vaqtida qarzlarini uzganida “Zumk-Injiniring” kasodga uchramagan bo‘lar edi.
Shermatovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi faoliyati davomida “Zumk-Injiniring” zavoddan 177 million dollar olgan va 40 million dollar miqdorida foyda ko‘rgan.
“2016-yil sentyabrda “Zumk-Injiniring” prezidenti Pozdeyev o‘zining moliyaviy maslahatchisi — vitse prezident Suxonosov bilan hamkorlikda “Zumk-Injiniring” MChJning kasodga uchraganini ma’lum qilgan”, — deydi Shermatov.
“Zumk-Injiniring” MChJ — “Zumk” (G‘arbiy Ural mashinasozlik konserni) tarkibidagi korxonalardan biri. “Zumk-Injiniring” 2007-yildan buyon O‘zbekiston va Qozog‘istonda kaliy shaxtalarini qurish va loyihalashtirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Rossiyaning Perm shahrida ro‘yxatdan o‘tgan.
2014-yil mayda “Zumk” prezidenti Aleksandr Pozdeyev O‘zbekistonda hibsga olingan.
Izoh (0)