O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari Svetlana Artikova bosh vazir o‘rinbosari, “O‘zagrotexsanoatxolding” boshqaruv raisi Nodir Otajonov ishini tanqid qildi. Bu haqda Senatning 15-yalpi majlisidan “Gazeta.uz” muxbiri xabar qildi.
Prezidentning “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Andijon viloyati, jumladan, Xonobod shahri, Bo‘z, Ulug‘nor, Paxtaobod va Marhamat tumanlari Nodir Otajonovga biriktirilgan.
“Mazkur hududlar o‘rganilgan, biroq ishchi guruhi tarkibida vazirlik vakillaridan 18 kishi ishtirok etmagan. Siz bu guruh rahbari sifatida biror marta ham muhokama va sessiyalarda ishtirok etmagansiz. Ishlar ko‘p, buni bilamiz, biroq guruh rahbari sifatida ishtirok etishingiz kerak edi. Senatorlar va deputatlar tuman, viloyat va respublika darajasidagi 13 ta so‘rovnomani sizga yuborgan, biroq hozirgacha javob yo‘q”, — dedi Svetlana Artikova.
Senat raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Xonobod, Oltinko‘l va Mingbuloq tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” tasdiqlangan, biroq ular amalga oshirilmayapti.
“‘Yo‘l xaritalari’ nega yaratilmoqda? Ularni amalga oshirish uchun. Biroq bugungi kunda ularning birorta ham bandi bajarilmagan. Viloyat va hududlardan qat’iy nazar, qonun qabul qilindimi, u bajarilishi kerak. Prezident qarori qabul qilindimi, u bajarilishi shart. Bu Vazirlar Mahkamasi qarorlariga ham taalluqli”, — deya ta’kidladi u.
Nodir Otajonov o‘zini oqlamasligini ma’lum qildi va kamchiliklarni tan oldi. Bosh vazir o‘rinbosari bir hafta davomida hududlarda qarorlar bajarilishi bo‘yicha batafsil hisobot taqdim etishga so‘z berdi.
Izoh (0)