2018-yil 28-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror matni O‘zAda keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligi tantanalari “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladi.
Mazkur qaror bilan o‘zbek xalqining asriy orzusi, O‘zbekistonni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosiga aylantirgan mustaqillikning yigirma yetti yilligini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi tasdiqlandi.
Respublika komissiyasiga bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Mazkur dastur 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlanadi.
Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etish hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini ta’minlash belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida — ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlash belgilandi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklatildi.
Izoh (0)