Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi ikki fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, ularga nisbatan oqlov hukmini chiqardi, deb yozadi O‘zA.
M. Azizov 2016-yil 8-fevral kuni tanishi D. Mirzaakbarovaga tadbirkorlik faoliyatidan ko‘rgan daromadidan ulush berib turishini aytib, aldab, 15 ming dollar pulni firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda ayblangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat Kodeksining 168-moddasining 1-qismi bilan aybli deb topilib, oylik ish haqining o‘ttiz foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida sudlanuvchi va himoyachilarning shikoyatlari asosida ko‘rilib, 2018-yil 8-iyun kungi ajrimi bilan birinchi bosqich sudining hukmi bekor qilinib, M. Azizov O‘zbekiston Respublikasi JPK 83-moddasining 1-bandiga asosan reabilitatsiya qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudining 2018-yil 14-mart kungi hukmiga ko‘ra, Hafiza Mo‘minova O‘zbekiston tuman xalq ta’limi bo‘limida rus tili va adabiyoti fani uslubchisi lavozimida ishlab kelgan. U tumandagi rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga yillik o‘quv ish rejalarini tekshirib imzo qo‘yib berishni ro‘kach qilib, ta’magirlik yo‘li bilan 19 nafar o‘qituvchidan pul mablag‘lari olganlikda Jinoyat Kodeksining 214-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, ikki yil moddiy javobgarlik va mansab lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi apellyatsiya instansiyasida sudlanuvchi va himoyachining shikoyatlari asosida ko‘rilib, sud ajrimi bilan birinchi bosqich sudining hukmi bekor qilinib, H.Mo‘minova oqlandi.
“Har ikki ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagani sababli sudlanuvchilar aybsiz deb topildi”, — deydi sudya Rahmatjon Arapov.
Izoh (0)