Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya bojxona xizmati tomonidan musodara qilingan tovarlar yarmarkalari Toshkentda tashkil qilinayotgani va ularda sotilayotgan mahsulotlarning sifatsizligi borasida muhokamalar avj oldi. Jurnalist Inna Akkermanseva masalaga aniqlik kiritdi.
Iyun oyida poytaxt tumanlaridagi ko‘p qavatli uylarning kirishi va ustunlarda Rossiya bojxonasi tomonidan musodara qilingan tovarlar bir kun davomida arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi haqidagi e’lonlar muntazam ravishda paydo bo‘la boshladi. Hushyorroq kishida bu e’lonning shubha uyg‘otishi tabiiy. Biroq e’lon matni shu qadar puxta tuzilganki, eng ziyrak odam ham unga ishonib qolishi aniq. Tabiiy teri mahsulotlari, bir kunlik imkoniyat, tovarlarni yarim narxga sotib olish — bularning barchasi odamlarni qiziqtira olish uchun yetarli. Savdoning shubhali joyda o‘tkazilishi, hatto kiyimlarni kiyib ko‘rish uchun sharoitning yo‘qligi ham hech kimni to‘xtatib qolmaydi, negaki xayolda “o‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q, bunaqada ulgurmayman, muhimi boshqa joydan bunchalik arzon narxlarni topolmayman”, — degan fikrlar aylanaveradi.
Afsuski, bizning tumanimizda yarmarka tugagan edi. Biroq savdo uyushtirilgan binoning bir devor qo‘shnisi bo‘lgan dorixonadagi farmatsevt menga quyidagilarni gapirib berdi: “Kecha ikkita yigit bir necha soat davomida sifatsiz kurtka va oyoq kiyimlar sotdi. Kurtkalarni qo‘limga olib ko‘rmadim — ularning eski urfdagi ekani shundoqqina ko‘rinib turgan edi. Oyoq kiyimlar esa ko‘rinishidan Xitoydan keltiriladigan tuflilarni eslatar edi, ularni bozorda taxminan 200 ming so‘mga sotib olish mumkin. Biroq odamlar narsalarni sotib olar edi, balki ularga sifat ma’qul kelgandir… Savdo e’londa va’da qilinganidan bir necha soat ilgari yakunlandi, negaki yigitlar shoshar, Samarqandda savdoni davom ettirishlari kerakligini aytar edi”.
Sotuvchilarning vijdonsizlarcha marketing hiylalaridan foydalanganini ko‘rib, suratlarni Facebook’dagi “Jamoatchilik nazorati” (“Общественный контроль”) guruhiga joyladim. Foydalanuvchilar qoldirgan izohlarga qaraganda, ko‘pchilik bu kabi e’lonlarni poytaxtning boshqa hududlarida (Lisunova, Sergeli va hokazo) ham ko‘rgan. Foydalanuvchilardan biri quyidagilarni yozadi: “Qo‘shni kampir oxirgi puliga tabiiy teridan ishlangan oyoq kiyim sotib oldi, biroq keyin tuflilarning teri o‘rnini bosuvchi boshqa materiallardan qilingani ma’lum bo‘ldi”.
Puxta o‘ylangan reja
Agar biror savolning javobini topa olmasang, uni Google’dan izla. Men ham shunday qildim. Ma’lum bo‘lishicha, bu nayrang Rossiyada keng tarqalgan va sun’iy teridan ishlangan oyoq kiyimlarni o‘z narxidan qimmatga sotishning sinalgan usuli hisoblanadi. Nayrang Rossiyada “Fin yarmarkasi” nomini olgan. Shahar va qishloqlar bo‘ylab o‘z mahsulotlarini sotib yuradigan firibgarlar e’lonning matnini, hatto shriftini ham o‘zgartirmaydi, e’londa faqatgina joy nomi o‘zgaradi, xolos.
Meni ajablantirgani shuki, internetda “Qanday qilib musodara qilingan mahsulotlarni sotib foyda ko‘rish mumkin?” degan maxsus kurslar ham bor ekan. Bu kabi kurslarni tamomlaganlar esa puxta yozilgan e’lon yordamida Xitoy mahsulotlarini nafaqat Rossiya, balki butun MDH hududida sotadi. Belorussiyaning Mogilev va Qozog‘istonning Pavlodar shaharlarida “tadbirkor”lar fosh qilingan. Qo‘lga tushgan firibgarlar mahsulotlarning bojxonada musodara qilinganini tasdiqlaydigan yoki tovar tashish va sotishga ruxsat beradigan hech qanday hujjat taqdim eta olmagan. Qozog‘istonda kassa nazorati apparati va terminalning yo‘qligi uchun sotuvchilarga ma’muriy jarima belgilangan. Mogilevda esa bojxona xodimlari sotuvchilarga nisbatan ma’muriy ish ochgan.
E’londa Rossiya hukumati idoralari — Sankt-Peterburg va “Rosimushestvo” hududiy boshqarmasining nomi keltirilgani uchun biz bevosita Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qilishga qaror qildik. Elchixonadan bizga quyidagicha javob keldi: “Konsullik bo‘limi Rossiyaning bojxona organlariga so‘rov yubordi. Hozircha bizga rasmiy javob kelgani yo‘q. Biroq shusiz ham aniq aytish mumkinki, e’londa tilga olingan Rossiya davlat organlari hech qachon musodara qilingan mahsulotlarning savdosini boshqa mamlakat hududida uyushtirish bilan shug‘ullanmaydi”.
Darhaqiqat, Rossiya bojxonasi yarmarka uyushtirmasligini bilish qiyin emas. Buning uchun, e’londa tilga olingan “Rosimushestva”ning rasmiy saytida keltirilgan qonunchilik talablariga e’tibor qaratishning o‘zi kifoya:
“Ma’muriy qoidabuzarliklar oqibatida musodara qilingan yengil sanoat mahsulotlari Rossiya Federatsiyasi hukumatining 2003-yil 29-may kuni qabul qilingan “Davlat mulkiga aylantirilgan mol-mulkni ro‘yxatga olish, baholash va tasarruf qilish to‘g‘risida”gi 311-sonli qarorida belgilangan tartibda yo‘q qilinadi”.
Kim nimani sotmoqda?
Xo‘sh, uddaburon “tadbirkorlar” bizga qanday mahsulotlarni sotishga urinyapti? Hoynahoy, Finlyandiya va Belorussiya mahsulotlari deb sotilayotgan tovarlar qaysidir ulgurji bozorlardan arzon narxlarda sotib olingandir. Shunday ekan, O‘zbekiston bojxona va soliq xizmatlariga beriladigan bir qancha savollar paydo bo‘ladi:
1. Reklama e’lonlarida mahsulot haqida keltirilgan ma’lumotlar haqqoniymi?
2. Sotuvchilarda musodara qilingan tovarni sotish uchun ruxsatnoma bormi?
3. Bir kunlik savdo joylarida kassa nazorati apparatining yo‘qligi savdo qoidalarining buzilishi hisoblanadimi?
4. Bir necha soat ishlagan do‘konda kiyim xarid qilib hech qanday chek olmagan iste’molchi sotib olgan mahsulotining sifatidan norozi bo‘lsa kimga murojaat qilishi mumkin?
5. O‘zbekiston hududiga kiritiladigan tovarlarning qonuniyligi qay tarzda tekshiriladi?
Xaridorga eslatma
Bu kabi e’lonlarga aldanib qolmang. Axir, bilasiz-ku, bepul pishloq faqat qopqonda bo‘ladi. Tabiiy teri mahsulotlarini sotib olishdan oldin ularning sifatini yaxshilab tekshirib ko‘ring. Agar siz bu masalaga o‘zingiz aniqlik kirita olmasangiz, kiyimlar sifatini sizdan yaxshiroq tushunadigan boshqa biror kimsani o‘zingiz bilan birga olib boring. Yodda tuting, biz nazarda tutayotgan sotuvchilar “musodara qilingan” tovarlarni birinchi yil sotayotgani yo‘q, birgina sizning shahringizda sotayotgan ham emas. Demak, ular bu ishning haqiqiy mohirlaridir. Va unutmang, bu kabi bir kunlik aksiyalar firibgarlar uchun qo‘l keladi, negaki siz ularga pulni o‘z xohishingiz bilan berasiz va hech qachon qaytarib ololmaysiz …
Inna Akkermanseva, jurnalist
Izoh (0)