Toshkent shahrining qoq markazida Tashkent City — shahar ichida dunyo standartlari darajasidagi har tomonlama mukammal va noyob ko‘rinishdagi binolardan tashkil topgan shaharcha bunyod bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Shaharcha 90 gektardan ortiq maydonda joylashgan bo‘lib, asosiy loyiha chizmalariga ko‘ra sakkizta lot, ya’ni alohida maydonlarga bo‘lingan. Bu yerda elit mehmonxona va ofislar uchun biznes markazlaridan tashkil topgan oltita baland bino, shuningdek aholi yashovchi turar joy binolari hisoblanuvchi 20 ga yaqin qurilish inshooti mavjud bo‘ladi.
Osmono‘par binolar balandligi 22 dan 43 qavatgacha bo‘lishi kutilmoqda. O‘zbekistonda bunday balandlikdagi imorat ilk marotaba aynan Tashkent City’da bunyod bo‘ladi.
Qayd etish kerakki, asosiy loyiha o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da, sakkizta lotning faqatgina 1, 5, 7-lotlari arxitektura ko‘rinishi bo‘yicha mutaxassislar tasdig‘ini olgan. Qolganlariga yana o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. O‘zgacha ko‘rinish va qulayligi bo‘yicha har tomonlama mukammal bo‘lgan bino loyihalarida asosan Turkiya, Italiya kabi xorijiy hamkorlar bilan birga ish olib borilmoqda.
“Olti oy davomida jadal ishlar olib borilayotgan mazkur loyihani avvalo tanlab olgunimizcha ancha vaqt ketdi. Bu juda murakkab masala. Zero, biz ko‘zda tutgan Tashkent City shaharchasidagi har bir bino o‘zining takrorlanmas, zamonaviy ko‘rinishda va har tomonlama qulay, zamon talablariga mos, innovatsion yutuqlariga ega bino bo‘lishi shart. Avvalo qog‘ozlardagi chizmalar o‘z tasdig‘ini topgach maketlarga ko‘chiriladi. Uning ham ustida ishlab bo‘lingach chizmalarni reallikka olib chiqish uchun qurilish ishlarini boshladik.
Shaxsan men 1997-yil O‘zbekistonga kelgan bo‘lsam, mazkur ish olib borayotgan loyiha hayotimdagi eng murakkabidir. Demakki, juda katta mas’uliyat va hayajon meni tark etmayapti. Bu yerda har bir insonning o‘z ishi bor, birgalikda harakat qilmoqdamiz. Katta natijaga erishamiz degan umiddaman”, — deydi beshinchi lot bosh arxitektori Erkadir O‘zdemir.
Beshinchi lotda kunduzi 730, kechki smenada 220 nafardan ziyod quruvchi ish olib bormoqda. Quruvchilar uchun sharoitlar muhayyo etilgan. Tibbiyot punkti, 600 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona bo‘limi, omborxona maydoni, xavfsizlik qismlari ishchilar xizmatida.