Yaponiya hukumati zilzila natijasida 3 kishining halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda 18-iyun, dushanba kuni NHK telekanali xabar qildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Takatsuki shahrida 9 yoshli qizni maktab hovuzi oldidagi devor bosib qolgan. Shuningdek, Osaka shahri va Xigasiyedogava dahasida 2 nafar erkak halok bo‘lgan.
50 dan ortiq kishining jabr ko‘rgani xabar qilingan. Zilzila keltirib chiqargan vayronagarchiliklar haqida hozircha ma’lumot taqdim etilmagan. Sunami xavfi e’lon qilinmagan. Zilzila aviatsiya va temir yo‘l transporti faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan. Yaponiya janubi-g‘arbidagi oddiy va tezyurar poyezdlar qatnovi to‘xtatilgan.
Zilzila mamlakat g‘arbidagi Osaka prefekturasida qayd etilgan. Meteorologiya xizmati bergan ma’lumotlarga qaraganda, zilzila magnitudasi Rixter shkalasi bo‘yicha 6.1 ballni tashkil qilgan.
2017-yil 25-iyun kuni Yaponiyada 5,7 magnitudali zilzila yuz bergan. Jabr ko‘rganlar va vayronagarchiliklar haqida xabar qilinmagan. 2016-yil 15—16-aprel kunlari Yaponiya janubi-g‘arbida bir necha marotaba yer silkinishlari qayd etilgan, eng kuchli zilzilaning magnitudasi 7,3 ballni tashkil qilgan. 40 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 2 mingga yaqin kishi jabr ko‘rgan.
2011-yil 11-mart kuni Yaponiya tarixidagi eng kuchli zilzila sodir bo‘lgan. Uning magnitudasi 9,1 ballga teng bo‘lgan. Zilzila oqibatida sunami yuz berib, to‘lqinlar 40 metrdan yuqoriga ko‘tarilgan. Tabiiy ofat oqibatida “Fukusima-1” AESda avariya yuz bergan va reaktorlarni sovitish tizimi ishdan chiqqan.
Izoh (0)