“Islom.uz” sayti qarzdorlik va zakot borasidagi savollarga oydinlik kiritdi. Javoblar shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Mo‘minning najoti” kitobi aosida tayyorlangan

Foto: “Islom.uz”

Savol: Bir kishining nisobga yetadigan mablag‘i bo‘lsa, lekin qarzi ham bo‘lsa, zakot beradimi?

Javob: Qarzidan ortgan moli nisobga yetsa, undan zakot chiqaradi. Qarzlar ikki qismga bo‘linadi: Alloh taolo tomonidan talab qilingan qarzlar; bandalar tomonidan talab qilinadigan qarzlar.

Bir kishining zimmasida nazr, kafforat, sadaqai fitr, tamattu’ hajining qurbonliklari, qurbon hayitining qurbonligi kabi qarzi bor bo‘lsa va zakot nisobiga yetadigan mablag‘i ham bo‘lsa, avval zakotini ado qiladi, chunki bu qarzlar bandaning haqqi emas.

Birovdan olingan qarz, sotib olingan mol evaziga berilishi kerak bo‘lgan mablag‘, yetkazilgan zarar yoki jarohatning jarimasi yoki tovoni, ado qilinmagan naqd mahr, kelishilgan, lekin berilmagan nafaqa, birovning qarziga kafil bo‘lish bilan qarzdorga aylanish, ado qilinmagan zakot kabilar bandalar tomonidan talab qilinadigan qarz bo‘lgani uchun nisob miqdoridan chiqarib yuboriladi, ya’ni mavjud mablag‘dan avval ushbular ado qilinadi va qolgan mablag‘ nisobga yetsa, shundan keyingina undan zakot beriladi.

Shu o‘rinda bir nuqtaga e’tibor qaratish lozim. Agar bir kishiga zakot berishi vojib bo‘lganidan keyin zakotini ado qilmay, kechiktirgan bo‘lsa va keyin yuqoridagi qarzlardan birortasiga duch kelsa, avval zakotining qarzini ado qiladi, keyin qolgan qarzlarini beradi. Chunki zakot vojib bo‘lganidan keyin bu qarzlarga duchor bo‘lish zakotni soqit qilmaydi. Aksincha bo‘lsa, avval zakotni soqit qiladi.

Savol: Qarzga berilgan mablag‘larning zakoti kimga vojib bo‘ladi?

Javob: Usuliy qoida shuki, berilgan qarzning zakoti qarz beruvchining zimmasiga lozim bo‘ladi, qarz oluvchiga emas. Qarzlar nisobga yetib, bir yil to‘lsa, qarzlardan zakot berish vojib bo‘ladi. Lekin darhol emas, balki qarz yoki tijorat molining badali kabi qarzlarning kamida qirq dirhami qo‘liga tekkanda shundan bir dirham zakot beradi. Qachon qirq dirham olsa, undan bir dirham zakot chiqarib boraveradi. Qo‘liga tegmagan qarzlaridan to qo‘liga tegmagunicha zakot bermay tursa bo‘ladi. Qo‘liga tekkach, o‘tgan yillarning zakotini beradi.

Savol: Qarzi bor kishi zakotini qanday ado qiladi?

Javob: Agar uning qarzi qo‘lidagi molidan ko‘p bo‘lsa, qo‘lidagi moli o‘ziniki bo‘lmay, balki haqdorlarniki sanalib, undan zakot berishi vojib bo‘lmaydi. Agar qo‘lidagi moli qarzidan ko‘p bo‘lib, qarzini chiqarganidan keyin qolgan mol nisobga yetsa, qolgan moldan zakot beradi. 

Savol: Zakot berishda uzoq muddatli qarzlar chiqarib yuboriladimi? Masalan: besh yilda uzib yuborishga kelishib, yigirma millionga uy olsa va qo‘lida o‘n-o‘n besh million puli bo‘lsa, u kishiga zakot vojib bo‘ladimi?

Javob: Qarz ikki turga bo‘linadi: mu’ajjal, ya’ni naqd berilishi kerak bo‘lgan qarz va muajjal, ya’ni keyinchalik berishga kelishilgan qarz. Savoldagi qarz muajjal (keyinchalik berilishi vojib bo‘lgan) qarzga kiradi va zakot berishga monelik qilmaydi. Abu Hanifadan qilingan rivoyatda: “Keyinchalik berishga kelishilgan qarz zakotni man qilmaydi”, deyilgan.

Savol: Qanday qarzlar zakotni vojib qilmaydi?

Javob: Bir kishining ma’lum miqdorda mablag‘i bo‘lib, qarzi ham bo‘lsa, o‘sha mablag‘ hojati asliyaga mashg‘ul bo‘lib qoladi va ulardan zakot berish vojib bo‘lmaydi.

Savol: Birovga qarz bergan kishi bergan qarzidan zakot chiqaradimi?

Javob: Qarz bergan odam bergan narsasidan butkul umidini uzgan bo‘lsa, undan zakot chiqarmaydi.

Mabodo umidini uzgan qarzi keyinchalik qaytib kelsa, qo‘liga tekkan yili uchun zakot chiqaradi. Agar umidini uzmagan bo‘lsa, undan zakot chiqaradi. Lekin qo‘liga tekkunicha zakotni kechiktirishi mumkin. Qo‘liga tekkach, o‘tgan yillari uchun ham zakot chiqaradi. Qarz olgan kishi inkor qilsa, qarz beruvchida hujjat bo‘lsa, Muhammad rahimahullohning nazdida bunday moldan zakot vojib bo‘lmaydi, shunisi sahihroq.

Rahmatiy bunga (zakot bermaslikka) moyil bo‘lib, “Zamonamizda qarzdor qarziga ham, mablag‘iga ham, mablag‘i borligi”ga ham iqror bo‘ladi. Lekin haqdor undan qarzini undirib olishga qodir bo‘lmaydi. Shunda o‘sha mol yo‘qning hukmidadir. Ashraf Aliy Tahonaviy “Imdodul fatavo” asarida shunday fatvo bergan.

Savol: Bir kishi yashash uchun o‘n to‘rt millionga uy sotib olib, yarim narxini to‘ladi. Qolgan yarmini hali to‘lamagani uchun uy uning ixtiyoriga o‘tmadi. Bunday holatda xaridor sotuvchiga bergan yetti million pulidan zakot beradimi?

Javob: Sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida “oldim-sotdim” so‘zlari aytilganidan keyin hali uy xaridorning nomiga o‘tmagan bo‘lsa ham, bay’ mukammal bo‘ladi va u sotuvchiga berilgan mablag‘dan ham, zimmasidagi qarzdan ham zakot bermaydi.

Savol: Taqsit (narxini bo‘lib to‘lash yo‘li) bilan qilingan savdoda qaysi tomon zakot beradi?

Javob: Qoida shuki, zakot hamma vaqt sotuvchining zimmasiga vojib bo‘ladi.

Savol: Bir kishi ulovini har yili uch milliondan to‘lab turish sharti bilan uch yilga to‘qqiz millionga sotsa, sotuvchi har yili qo‘liga tegadigan uch milliondan zakot beradimi yoki hali qo‘liga tegmagan to‘qqiz milliondanmi?

Javob: Sotuvchi ulovni to‘qqiz millionga sotganida xaridor to‘qqiz million qarzdor bo‘ldi. Qarzga berilgan moldan zakot chiqariladi. Shuning uchun har yili haqning hammasidan zakot chiqaradi, ya’ni bir kishining oldida besh yuz ming puli bo‘lsa, undan tashqari odamlarda to‘qqiz million puli bo‘lsa, u kishi zakotga ega inson sanaladi va uning zimmasiga to‘qqiz yarim million pulidan zakot chiqarish vojib bo‘ladi.

Savol: Vafot etgan kishining qarzini boshqa odam o‘z zakotidan ado qilishi joizmi?

Javob: Joiz emas, chunki bunda zakot mayyitga mulk qilib berilmaydi. Mayyitning qarzi zakot bilan to‘lanmaydi, chunki unda zakotning rukni bo‘lgan “mulk qilib berish” yo‘qdir. Zakot mablag‘i bilan masjid ham qurilmaydi, o‘lik ham kafanlanmaydi.