Bir qarashda bunday savolni berishning o‘zi noo‘rinday tuyiladi. Biroq qadimiy yodgorliklar hududida amalga oshirilayotgan shaharsozlik ishlari Samarqand tarixiy qiyofasining yo‘q bo‘lishiga olib kelmoqda. Ushbu mavzuda O‘zA maxsus muxbiri Rinat Abdulmanovning tahliliy maqolasi e’lon qilindi.
So‘nggi vaqtlarda Samarqandda davlat muhofazasi ostida bo‘lgan, o‘tgan davrga oid binolarning buzilishi va bo‘shatilgan yer maydonlarida zamonaviy turar joy majmualari va boshqa obyektlarning qurilishi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilinmoqda.
— Qadimiy shaharning o‘ziga xosligi haqida 4300 gektar hududdagi yodgorliklarning UNESCO butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani dalolat beradi, — deydi Samarqand viloyati yodgorliklarni saqlash va ulardan foydalanish davlat nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Maysara Nabirayeva. — Bu nafaqat arxitekturaning dunyoga mashhur durdonalari va islom madaniyati yodgorliklari, balki tarixiy ahamiyatga ega turar joy komplekslari hamdir. Gap faqatgina Temuriylar davri yodgorliklari haqida emas. XIX va XX asr boshlariga oid Yevropa uslubidagi binolar ham Samarqandda ko‘p. Bu bizning madaniy merosimizning boyligidan dalolat beradi. Biz esa bu merosni asrashga butun dunyo oldida mas’ulmiz.
Biroq so‘nggi yillarda avj olgan yangi qurilish ishlari natijasida noyob yodgorliklar xavf ostida qoldi. Samarqandning Yevropa uslubidagi arxitektura yodgorliklari o‘rin olgan hudud ayniqsa jabr ko‘rdi. Maysara Nabirayevaning so‘zlariga qaraganda, shahar hukumati qurilish uchun yer maydonlari ajratayotganda yodgorliklarni muhofaza qilish davlat inspeksiyasining fikri bilan umuman hisoblashmaydi. Joriy yilning o‘zida ushbu tashkilot mahalliy hukumatning 25 ta qaroriga nisbatan qarshilik bildirgan. 8 ta ish prokuratura tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarliklar haqida Bosh prokuratura va loyihalashtirish institutlari ogohlantirilgan. Sud-tergov ishlari davom etmoqda. Ana shunday ishlardan biri mana 3 yildan buyon sud tomonidan o‘rganilmoqda.
— Shahar hukumati bizning mutaxassislarni ish jarayoniga jalb qilgan taqdirda ham, ularning fikrlari hech qachon inobatga olinmagan, — deydi Maysara Nabirayeva. — Misol uchun, shahar xalq ta’limi boshqarmasining nurab borayotgan, avariya holatidagi binosi hududida, bu yerning tarixiy ahamiyatini hisobga olib, 2 qavatdan yuqori bo‘lmagan binoning qurilishiga ruxsat berganmiz. Biroq bu yerda 7 qavatli turar joy majmuasining qurilishi allaqachon yakuniga yetmoqda.
UNESCO talablariga asosan, ko‘p qavatli binolarni nafaqat muhofaza qilinuvchi hududlarda, balki shunday hududlar atrofidagi yerlarda ham qurish taqiqlanadi. Biroq tilga olingan turar joy majmuasi xalqaro tashkilot tomonidan ro‘yxatga olingan hududning deyarli markazida qad rostlamoqda.
Tarixiy inshootlar yana boshqa yo‘l bilan ham yo‘q qilinmoqda. Qurilish korxonasi aholidan eski uylarni sotib oladi va hech qanday ruxsatsiz ularning o‘rnida yangi binolar qurishni boshlaydi. Bu holatga qanday chek qo‘yish mumkin?
Mutaxassislarning fikricha, tarixiy merosni saqlab qolish bo‘yicha dastur qabul qilinishi va unga amal qilish majburiy etib belgilanishi zarur. Dasturni yaratishda olimlar, arxitektorlar, tarixchilar, dizaynerlar, UNESCO vakillari ishtirok etishi lozim.
Minglab turistlar Samarqandga ertaknamo shahar go‘zalligidan bahra olish uchun keladi, ammo 10 yildan keyin biz ularga nimani ko‘rsatamiz? Hozir ko‘plab mehmonxonalar qurilmoqda. Biroq shaharsozlik ishlari davom ettirilar ekan, Samarqand o‘ziga xos qiyofasini yo‘qotadi va mehmonxonalar hech kimga kerak emas bo‘lib qoladi.
Izoh (0)