Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi tomonidan juda kam uchraydigan, antiqa toifadagi jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda tuman sudi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar bermoqda.
Sudlanuvchi Karomat O‘sarova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 1963-yilda tug‘ilgan, o‘zbek, ma’lumoti o‘rta, oilali, 5 nafar farzandi bor, vaqtincha ishlamaydi, G‘allaorol tumanida yashaydi.
Karomat O‘sarova o‘zi yashaydigan uyida, qizi Odina Muradovaning uydan chiqib ketishining oldini olmoqchi bo‘lib, unga zo‘rlik ishlatib, uning shaxsiy erkinligini cheklab, qizining xohish va erkiga qarshi va uning ixtiyoriga xilof ravishda hovlisidagi temir so‘rining suyanchig‘iga, qizining qo‘lidan temir zanjir bilan bog‘lab, bu yerda uni 2 kun zanjirda bog‘liq holda saqlaydi.
Bunga ham qanoat qilmagan ona qizni uyining bir xonasiga olib kirib, deraza oldidagi yog‘och ustunga po‘latdan yasalgan sim bilan yana uch kun bog‘lab qo‘yib, jami besh kun davomida o‘z qizini g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilgan holda saqlab kelganligi tergov va sudda o‘z isbotini topgan.
Sudda Karomat O‘sarova qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonlik bildirdi, qizi Odina Muradova ham farzand sifatida onasining qilmishini kechirib u bilan yarashganligi sababli Karomat O‘sarovaga nisbatan jinoyat ishi yarashuv qo‘llab tugatildi.
Izoh (0)