2018-yilning 11-iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Tomas Greminger boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
T. Greminger va delegatsiyasi a’zolari YeXHT bilan o‘tkaziladigan “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan.
TIVdagi suhbat davomida YeXHTning barcha uch o‘lchamlarida hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
Qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi islohoti, shuningdek, ularning fuqarolar bilan muloqotga ochiqligi O‘zbekistonni siyosiy rivojlanishning mutlaqo yangi darajaga olib chiqdi va YeXHT bilan hamkorlikni kengaytirish uchun aniq imkoniyatlar yaratdi.
Uchrashuvda 26—27-mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlari nuqtai nazaridan mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralarda YeXHT loyihalarining O‘zbekistondagi koordinatori Jon MakGregor ishtirok edi.
Izoh (0)