Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh taologa ibodat qilganda qo‘llaringizni ko‘tarib, kaftlaringizni ochib turing, uni aslo teskari tarafga o‘girmang. Ibodatni tugatgandan so‘ng ochiq kaftlaringizni yuzingizga suring”, deganlari aytilgan.
Boshqa bir rivoyatda Oisha onamiz roziyallohu anho: “Allohning Rasuli uyquga yotishdan oldin qo‘llarini ochib Falaq, Nas va Ixlos suralarini o‘qib kaftlariga dam solganini va qo‘llarini butun tanasiga uch marta surganini ko‘rgan edim. U zot kasal bo‘lib qolganlarida menga shunday qilishni buyurgan edilar”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Umar roziyallohu anhu: “Allohning Rasuli duo uchun ko‘targan qo‘llarini yuzlariga surmasdan tushirmas edi”, deganlar (Termiziy rivoyati).
Ba’zi ulamolar bu harakatni quyidagicha sharhlaganlar: “Alloh taolo hech qaysi ibodatni va O‘zidan rahmat-u mag‘firat so‘rab iltijoga ochilgan qo‘lni e’tiborsiz qoldirmaydi. Shuning uchun ana shu duoni inson tanasining eng ko‘rinarli joyiga yetkazib qo‘ygani durust bo‘ladi”.
Izoh (0)