Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Osiyodagi yetakchi kimyoviy xolding kompaniyalaridan biri, Singapurning Indorama kompaniyasi vakili Dipak Reynni qabul qildi, deb yozadi O‘zA.
Dipak Reyn Sirdaryo viloyatida xorijlik investorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan mamnun ekanini ta’kidladi. Jumladan, hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini alohida qayd etdi. Sirdaryoda paxta klasteri va paxta tolasini qayta ishlash korxonalari tashkil etish maqsadida ekanini bildirdi.
Indorama — Osiyodagi yetakchi kimyoviy xolding kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1975-yilda Indoneziyaning Sintetiks Indo-Rama kompaniyasi ta’sischiligida tashkil etilgan. Bugungi kunda Indorama kompaniyasi tomonidan polietilen, polipropilen, polester, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik va tibbiy qo‘lqoplar ishlab chiqarilmoqda.
Viloyat hokimi xorijlik tadbirkorning taklifini qo‘llab-quvvatlab, Oqoltin va Sardoba tumanlaridan yer ajratish taklifini berdi.
Shu kuni Dipak Reyn bu tumanlarda bo‘lib, unga taklif etilgan hududni o‘rgandi, tuman hokimlari bilan uchrashdi.
Izoh (0)