Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashev shahar hokimligida ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuvi davomida tumandagi uy-joyga muhtoj fuqarolar soni qanchani tashkil etishi masalasiga aniqlik kiritdi. Bu haqda “Xabar.uz” ma’lum qildi.
— Bu borda bizda ikkita ro‘yxat shakllantirilgan: ijtimoiy muhtoj oilalar (27 ta) va Sergeli tumanidagi arzon uy-joylarga da’vogarlar (800 ga yaqin), — dedi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi. — Bu yili 530 kishining ism-sharifi taqdim etildi. O‘tgan yili 350 kishilik ro‘yxat berilgan edi. Tuman aholisi 267 ming kishini tashkil qiladi. Uylar aholi soniga ko‘ra taqsimlangan. Natijada bizda 720 ta navbat qoldi. Dekabr-yanvar oylariga qadar yana 600 kishining ro‘yxati berilishi rejaga kiritilgan. Kuni kecha biz nogironligi bo‘lgan, o‘ta muhtoj 23 ta oilaning ro‘yxatini berdik, ular uchun uylarning boshlang‘ich 15 foiz to‘lovi to‘lab berilishi bo‘yicha tegishli idoralarga so‘rov yuborilgan. Bu yerda gap faqat boshlang‘ich to‘lov haqida ketyapti, agar mana shu masala hal bo‘lsa, uyning qolgan to‘lovini fuqarolar o‘zlari to‘lashi kerak bo‘ladi.
Izoh (0)