AQShning Xyuston shahridagi shifoxonasida amerikalik astronavt Alan Bin vafot etdi. Bu haqda NASA saytiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Astronavtning oilasi tomonidan ma’lum qilinishicha, Bin ikki hafta oldin Fort-Ueyn shahriga safar vaqtida yuqtirib olgan “kutilmagan kasallik” sababli vafot etgan. Astronavt o‘sha vaqtda aynan qanday kasallik bilan og‘riganiga aniqlik kiritilmagan.
Astronavt 86 yoshida olamdan o‘tdi. 1963-yilda Alan Bin NASA tomonidan yangi astronavtlar guruhi uchun tanlab olingan 14 kishidan biri bo‘lgan.
Alan Bin kosmosga bir necha marta chiqqan. Dastlab u 1969-yil noyabr oyida Apollo 12 da Oy moduli uchuvchisi sifatida parvoz qilgan. O‘shanda u Yer yo‘ldoshiga qadam qo‘ygan to‘rtinchi odam bo‘lgan. Kema kapitani bilan birga Bin Oy yuzasida 31 soat-u 31 daqiqani o‘tkazgan va tuproq namunalarini yig‘ish uchun ikki marta Oy modulidan chiqqan. 1970-yilda mazkur parvoz uchun NASA Binni “Oliy xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlagan.
Izoh (0)