O‘zbekistonda mast holatda avtomobil boshqarganlarni jazolash tartibi kuchayitiriladi, jumladan, bunday haydovchilarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi ham nazarda tutilgan, deb xabar berdi Sputnik.
Yilning oxirigacha yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidabuzarliklar uchun javobgarligini oshirish bo‘yicha qonun loyihasi kuchga kiradi. 2018-yili 19-may kuni tasdiqlangan hukumat qaroriga muvofiq 2018−2022-yili Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi va uni amalga oshirishning “yo‘l xaritasi” kuchga kirgan.
Hujjatga asosan, transport vositasini boshqarish madaniyatiga amal qilmagan “yo‘l bezorilari”, ogohlantiruvchi chiroqni yoqmasdan bir polosadan ikkinchisiga o‘tganlar hamda baland ovozli signallardan noo‘rin foydalangan haydovchilar ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Yo‘l xavfsizligi qoidalarini buzganlik, xususan, mast holatda avtomobil boshqarganlik (jumladan, ushbu qoidabuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy qamoq jazosi belgilangan), YHXB xodimlarining transport vositasini to‘xtatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaganlik va voqea joyini tashlab ketganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.
Yangi hujjatga asosan, yo‘l qoidasini buzgan piyodalar uchun ham jarima joriy qilinadi. Shu yilning avgust oyidan boshlab yo‘l qoidasini buzgan piyodalar axborot-kommunikatsiya vositalari yordamida aniqlanishi va elektron bayonnomalar rasmiylashtirilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh (0)