“Xalq so‘zi” gazetasida o‘z xizmat burchini ado etayotgan paytda qahramonlarcha halok bo‘lgan oddiy askar Jonibek Ashirov xotirasiga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.
Jonibek Ashirov 1989-yil 9-iyulda Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Nurota tumanidagi 54-umumta’lim maktabini bitirgach, Xorazm viloyati Urganch shahridagi harbiy litseyda tahsil olgan. 2010-yilda muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari safida shartnoma asosida xizmat qila boshlagan.
2013-yil 21-iyul kuni mamlakatimiz chegara hududidan noqonuniy yuk bilan o‘tishga harakat qilgan jinoyatchilar to‘dasini to‘xtatib qolish paytida og‘ir tan jarohati olgani oqibatida vafot etgan.
O‘zbekiston Respublikasi davlat chegaralarining daxlsizligini ta’minlashda, shuningdek, jangovar xizmat faoliyatida ko‘rsatgan namunali xizmati uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 23-avgustdagi farmoniga ko‘ra oddiy askar J.Ashirov vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
Ota-ona uchun farzand kamolini ko‘rish katta baxt, albatta. Jo‘raqul aka cho‘ponlik ortidan oila tebratib, ikki o‘g‘il, uch qizni halol mehnat bilan ulg‘aytirdi. Ona mehri, ota tarbiyasi tufayli farzandlar bir-biriga mehribon, esli, hushli, bilimli va vatanpavar bo‘lib voyaga yetishdi.
Jonibek yoshligidan harbiy bo‘lishga qiziqib, o‘zini jismoniy jihatdan chiniqtirdi. Orzusini tezroq amalga oshirish maqsadida Urganch shahridagi harbiy litseyga o‘qishga kirdi. Harbiy xizmatni chegarachi sifatida davom ettirdi.
Oddiy askar Jonibek Ashirov umumharbiy va chegara qo‘shinlari nizomlarini, davlat chegaralarini himoya qilishni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarni chuqur o‘rganib, ularga to‘liq rioya etdi. Topshiriq va vazifalarni o‘z vaqtida, a’lo darajada bajarishga intildi. Tashabbuskorligi bilan hamkasblari orasida obro‘-e’tibor qozondi.
...2013-yil 21-iyul. Tun. Soat 2. “Qo‘rg‘ontepa” blok posti chegara naryadi tomonidan shubhali transport vositasi 1-chegara posti hududiga qarab harakatlanayotgani to‘g‘risida ma’lumot olgan oddiy askar J.Ashirov o‘zi mas’ul bo‘lgan hududga kelayotgan “KamAZ”ni boshqarayotgan kimsaga “To‘xta!”,— deb buyruq beradi. Dastlab o‘zini buyruqqa bo‘ysungandek ko‘rsatgan haydovchi J.Ashirovga yaqinlashgach, to‘satdan avtomashina tezligini oshirib, uni kuchli zarb bilan urib yuboradi. Natijada og‘ir tan jarohati olgan chegarachi shifoxonada hayotdan ko‘z yumadi.
— O‘g‘limdan roziman. Jonibek o‘zi orzu qilgandek Vatan himoyachisi bo‘ldi, — deydi Jo‘raqul Ashirov.— U oilasi, xalqi tinchligi va mamlakatimiz xavfsizligini himoya qilish uchun jonini fido qildi. Men u bilan faxrlanaman.
— Biz o‘g‘limizni ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylab, to‘g‘ri tarbiyalab, suyib-erkalab katta qildik, — deydi Zamira Ahmedova. — Bolam birinchi sinfga borganida o‘qimishli, ayni paytda mard va jasur inson bo‘lsin, deb Yaratgandan so‘raganman. Jonibek bolaligidan harbiy bo‘lishga qiziqib, maqsadi sari qat’iy harakat qildi. O‘qishni tugatib, askarlikka bordi. “Oyi, shu yerda shartnoma asosida xizmatda qolaman”, dedi. Rozi bo‘ldik. O‘g‘limning xayoli xizmatda, ishda edi. Ta’tilga kelsa ham “tezroq ishga borishim kerak”, derdi.
— Bolamning orzulari ko‘p edi. Ukalarini kelajakda o‘qitishni, yaxshi bir kasbning egasi bo‘lib yetishishlarini juda istardi. Xizmatda yurgan kezlarida ham menga atab she’rlar yozardi. Shunday mehribon o‘g‘lim bag‘rimdan ketdi. U ota-onasi, Vatani, xalqining tinchligi yo‘lida qurbon bo‘ldi.
2013-yil 27-sentyabr. Jonibek o‘qigan maktab hovlisiga tumonat odam yig‘ilgan. Maktabga kiraverishda sobiq o‘quvchi, davlatimiz sarhadlarini qo‘riqlashda o‘z burchini vijdonan ado etgan shartnoma asosidagi harbiy xizmat oddiy askari, marhum Jonibek Ashirovning surati gullarga burkangan. Uning ikki yonida ikki chegarachi — faxriy qorovul.
Maktabda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 23-avgustdagi Farmoniga binoan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari shartnoma asosidagi harbiy xizmat oddiy askari, marhum Jonibek Ashirovning ota-onasiga davlat mukofotini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
— Men Jonibek o‘qigan sinfga rahbarlik qilganman, — deydi Gulnora Sattorova. — Jonibek ular ichida alohida ajralib turardi. Fanlarni yaxshi o‘zlashtirish barobarida jamoatchilik ishlarida ham tashabbuskor edi.
Harbiy litseyda o‘qib yurgan paytida ustozlarini yo‘qlab maktabga keldi. Shundan foydalanib men o‘quvchilar bilan uning suhbatini tashkil etdim. Jonibek sahna o‘rtasida turib gapirar ekan, men uni zimdan kuzatib turdim. Uning so‘zlarida qat’iylik, yuz-ko‘zida o‘zi tanlagan kasbidan mamnunlik, faxr va g‘urur tuyg‘ulari yaqqol sezilib turardi.
Jonibekning she’r yozishini ko‘pchilik uning shaxsiy buyumlari ichidan topilgan yon daftaridagi qaydlardan bilishdi. Mana, uning “Onajon” nomli she’ridan to‘rt satr:
Yozilganda dasturxon,
Keltirganda osh-u non,
Mening o‘rnim bilinsa,
Ko‘p yig‘lamang, onajon...
Farzanddan judo bo‘lish ona uchun juda og‘ir. Onaizor uchun uning o‘rni har kuni, har on bilinadi...
Lekin onaning ko‘ngliga taskin beradigani, farzandining umri beiz, behuda ketmagani, o‘z Vatani, xalqi tinchligi uchun jonini fido qilgani. Bunday jasorat hech qachon unutilmaydi.
Izoh (0)