Buxoro viloyati Vobkent tumanida “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qiladi” shiori ostida huquqiy axborot kunlari o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Fuqarolar dardu tashvishlari, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va hal etish, kishilar bilan hamnafas bo‘lish, qabul qilinayotgan qonunlarni xalqchil, ya’ni oddiy tilda tushuntirish maqsadi ko‘zlangan ushbu uch kunlik tadbir O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Adliya, prokuratura, Majburiy ijro byurosi, soliq, ichki ishlar va boshqa idoralar vakillaridan iborat 10 ta ishchi guruhi a’zolari dastlabki ikki kun davomida tumandagi to‘rt mingdan ziyod aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazdi. Muloqotlarda qonunlar, ularga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolarning haq-huquqlari, bu huquqlardan foydalanishning qonuniy tartiblari haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirda davlat xizmatlari ko‘rsatishda “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan tamoyil ustuvorligi namoyon bo‘ldi. Masalan, notarial idoralari notariuslari tomonidan fuqarolar xonadonlarida 34 ta sayyor notarial harakatlari qayd etildi. Davlat xizmatlari markazlari esa 174 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatdi, FHDYo bo‘limi xodimlari esa 30 ga yaqin harakatlarni amalga oshirdi.
Fuqarolik, jinoiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman sudlari tomonidan joylarda sayyor tartibda 17 ta sud majlisi o‘tkazilishi oshkoralik va tarbiyaviy nuqtai nazaridan ahamiyatga ega.
Advokatlar demokratik tamoyilga amal qilib, bevosita mahallada fuqarolarga ularning muammoli masalalari yuzasidan tegishli sudlarga 24 ta da’vo arizasi tayyorlab berish barobarida 200 dan ortiq fuqaro va tadbirkorlik subyektiga bepul huquqiy yordam va maslahatlar ko‘rsatdi.
Izoh (0)