Vengriya poytaxti Budapesht shahri meri Ishtvan Tarlosh boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev Vengriya delegatsiyasiga Samarqandning iqtisodiy salohiyati, turizm imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Samarqand va Budapesht shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sayyohlik va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
– Vengriya xalqi O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, xususan, Samarqandni yaxshi biladi, – deydi Ishtvan Tarlosh. – Samarqand tarixiy yodgorliklarga boy, chiroyli, bir so‘z bilan aytganda, turizmni yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlarga ega shahar ekan. Kelajakda bu qadimiy shahar bilan yaqin aloqalar o‘rnatish niyatidamiz.
Vengriyalik mehmonlar Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni tomosha qildi.
Izoh (0)