Qanday qilib davlat xizmatlari ko‘rsatishni fuqarolar ehtiyojlari uchun ko‘proq yo‘naltirilgan qilish mumkin? Mazkur savol 4-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan seminarning asosiy masalasi bo‘ldi. Mazkur tadbirning maqsadi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish doirasida davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni barpo etishdan iborat bo‘ldi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Seminar “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Yevropa Ittifoqining delegatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, Ichki ishlar vazirligining 30 dan ortiq davlat xizmatchisi va fuqarolik jamiyatining vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari davlat xizmatlari ko‘rsatishning ilg‘or xalqaro tajribasi bilan tanishtirildi. Mazkur amaliyotni O‘zbekistonda fuqarolar va biznesning turli toifalariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun qo‘llash masalasi ishchi guruhlarda muhokama qilindi.
Fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish ustavlari muhokama uchun yana bir mavzu bo‘ldi. Mazkur hujjat xizmatlar ko‘rsatuvchi va ularni oluvchi o‘rtasidagi bitim bo‘lib, xizmatlar ko‘rsatish tamoyillari va me’yorlarini o‘z ichiga oladi. Seminar ishtirokchilari seminarda ishtirok etgan davlat organlari uchun ustavlar ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
Izoh (0)