Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekiston—Turkiya biznes-forumida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan turkiyalik ishbilarmonlar sarmoyalarini rag‘batlantirish va to‘liq himoya qilish maqsadida zarur me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etildi.
Shuningdek, mazkur tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshirgan tashrif doirasida Istanbulda o‘tkazilgan biznes-forumning mantiqiy davomi ekanligi, o‘tgan qisqa vaqt ichida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga erishilgani ta’kidlandi.
Davlat rahbari turkiyalik bank va kompaniyalar rahbarlariga O‘zbekiston bilan samarali hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Turkiya ishbilarmonlari uchun alohida qulayliklar yaratilgani, kirish vizalari bekor qilingani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 500 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 59 tasi shu yilning birinchi choragida tashkil etildi.
Muloqotda O‘zbekiston va Turkiyaning moliya tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumida yengil sanoat, metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va agrosanoat tarmog‘i, tibbiyot, turizm, charm-poyabzal, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasida 50 dan ortiq yangi investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng bitimlar imzolandi.
Izoh (0)