AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Uess Mitchell Rossiya 2008-yili Gruziyaga kiritgan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi lozimligini ma’lum qildi. Bu haqda, Gruziyaning 1TV telekanaliga tayanib, “RBK” xabar berdi. Mitchellning fikricha, Vashington 2008-yili o‘zini Tbilisidan mustaqil deb e’lon qilgan Abxaziya va Janubiy Osetiyaning chegaralarini tan olmaydi.
“10 yil ilgari urush bo‘lgan. Men Rossiyaga dunyo hamjamiyati bo‘lib o‘tgan voqealarni unutmaganini aytgani keldim. Biz buni chegara deb tan olmaymiz. Biz shu chegaraning narigi tarafida yashaydigan gruziyaliklarning xavfsizligi borasida tashvishdamiz”, — dedi Mitchell.
Davlat kotibining yordamchisi Rossiya 2008-yili urushni to‘xtatish haqidagi kelishuvda bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarishini talab qildi. Mitchell AQSh endilikda Rossiyaning boshqa davlatlar ishlariga aralashishiga qarshi turishini ma’lum qildi.
Mitchell Tbilisiga NATO-Gruziya xalq diplomatiyasi Forumi doirasida tashrif buyurgan. U Gruziyaning Alyans harbiy blokiga qo‘shilishini ma'lum qildi. Bu haqda 2008-yili Buxarest sammitida ham ta’kidlangan edi.
Izoh (0)