Toshkent davlat yuridik universiteti 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab Adliya vazirligi huzurida bo‘lgan kollejlar bitiruvchilarini imtihonsiz qabul qilishni boshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asoslanib Sputnik xabar bermoqda

Foto: Sputnik

Nomzodlar suhbatdan o‘tib, bakalavr dasturi bo‘yicha 3 yillik o‘qishga qabul qilinadi. Eng asosiysi — oliygoh bitiruvchisi taqsimlashga asosan uch yil davomida uzluksiz ishlab berishi talab etiladi.

Bu yangiliklar tufayli yuridik kollejlarga o‘qishga qabul qilish tartibi o‘zgartiriladi.

Endi har bir viloyatlar muayyan mutaxassisliklarga bo‘lgan talablarini hisobga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan ajratilgan kvotalar asosida tanlov asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, TDYUU yangi o‘quv yilidan talabalarni magistraturaga test imtihonlarsiz qabul qilishni boshlaydi. Uning o‘rniga yozma imtihon o‘tkaziladi. Bu shartda o‘qish bir yilga uzaytiriladi. Magistraturaga kontrakt to‘lovi bo‘yicha kvotalar soni 150 ga ko‘paytiriladi.

Shuningdek, universitet magistraturasida yangi yo‘nalishlar ochildi: “Huquq va Biznes”, “Huquq va axborot texnologiyalar”, “Moliyaviy-huquqiy monitoring” va boshqalar.

Bugungi kunda oliygoh bakalavriyatda — 5 ta, magistraturada 10 ta yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar o‘qitiladi. Bakalavriyatda o‘qish 4 yil, magistraturada 2 yil tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, imtiyozdan faqatgina Adliya vazirligi tuzilmasiga kiradigan kollej bitiruvchilari foydalanishlari mumkin. Masalan, 2-sonli Toshkent yuridik kolleji bitiruvchilari ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.