“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va Malaysia Airlines aviakompaniyasi kod-sher kelishuv doirasida hamkorlikni kengaytirmoqda. Endi milliy aviakompaniya yo‘lovchilari Toshkentdan Malayziya kurortlari — Langkavi orollari va Kota-Kinabalu shahrigacha parvoz qilishi va ortga qaytishi mumkin. Bu haqda milliy aviakompaniya matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Muntazam reyslar Malaysia Airlines aviakompaniyasi bilan hamkorlikda Kuala-Lumpur shahri aeroportidan amalga oshiriladi.
Toshkentdan Langkavi va Kota-Kinabaluda reyslar chorshanba va payshanba kunlari, qaytish reyslari esa chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Milliy aviakompaniyaning tez-tez parvoz qiluvchi yo‘lovchilari dasturi ishtirokchisi bo‘lganlarga har ikki yo‘nalishda: Toshkent—Kuala-Lumpur—Langkavi, Toshkent—Kuala-Lumpur—Kota-Kinabalu reyslariga chipta xarid qilganlik uchun ballar yoziladi.
Aviachiptalarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining barcha savdo ofislaridan xarid qilish mumkin.
Izoh (0)