Jurnalist Bobomurod Abdullayev jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining navbatdagi majlisida bloger Hayotxon Nasriddinov va tadbirkor Ravshan Salayev tomonidan o‘tkazilayotgan ruhiy bosimdan shikoyat qildi. Ularning uchchovi va Shavkat Olloyorov O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda ayblanmoqda, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.
“O‘zimni menga nisbatan uyushtirilgan ayblovdan himoya qilaman, deb o‘ylagandim. Biroq sud majlisidan so‘ng bu yerda men bilan birga o‘tirgan ayrim odamlardan ham himoyalanishga majburligim haqidagi xulosaga keldim. Gap shundaki, sud jarayoni boshlanganidan beri Hayotxon Nasriddinov va Ravshan Salayev tomonidan ruhiy bosim ko‘rsatilmoqda, haqoratlar yog‘dirilmoqda”, — dedi Bobomurod Abdullayev.
Sud majlisida raislik qilayotgan sudya Zafar Nurmatov sudlanuvchilarni bir-birlarini hurmat qilish va aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga rioya etishga chaqirdi.
Shuningdek, Bobomurod Abdullayev ko‘rsatmalar berayotgan chog‘ida boshqa sudlanuvchilar aralashmasliklari va izoh bermasliklarini nazorat qilishni so‘radi.
Izoh (0)