Termizda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tash, O‘zbekiston sarhadlarini tashqi tahdidlardan himoya qilish uchun kelgan yigitlarning tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Ofitser va serjantlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, askarlar va ularning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etgan tadbirda mamlakat Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar tinch va osoyishta hayotni ta’minlashda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Chegarachi askarlarning jangovar tayyorgarlik ko‘rishi, harbiy intizomni chuqur o‘zlashtirishi va bilimini yanada boyitishi uchun harbiy qism va chegara postlarida barcha sharoit mavjud. O‘quv-taktik mashg‘ulotlar zamonaviy texnologiyalar va ko‘rgazmali qurollar asosida olib boriladi. Shinam va yorug‘ yotoqxonalar, zamonaviy sport zali va maydonchalari askarlar ixtiyorida.
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmat burchini ado etgan 1 ming 400 dan ortiq oddiy askar harbiy qism komandirlarining oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishda imtiyoz beradigan yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Ularning 250 dan ortig‘i Surxondaryo viloyatining qo‘shni davlatlar bilan chegarasida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tagan askarlardir. Marosimda xizmat muddatini o‘tab, Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilayotgan bir guruh askarlarga oliy o‘quv yurtiga kirishda imtiyoz beradigan yo‘llanma va II darajali “Chegara qo‘shinlari a’lochisi” ko‘krak nishoni, ota-onalariga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari uchun shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlar, muddatli xizmat burchini o‘tayotgan askarlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Izoh (0)