Daryo

WP: Maskning xodimlari maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘ldi  

Ma’lumotlar manzillar, ish haqi, ijtimoiy sug‘urta raqamlari, turli idora xodimlarining ismlarini o‘z ichiga oladi

2 daqiqa o‘qish7 068 ko‘rishlar0 izoh0

Amerikalik milliarder Ilon Mask rahbarlik qiladigan AQSH Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) xodimlari millionlab davlat xizmatchilarining maxfiy ma’lumotlariga kirish huquqiga ega bo‘ldi, deb yozadi Washington Post gazetasi manbalarga tayanib.

Foto: AP Photo

Nashrning ta’kidlashicha, gap AQSH kadrlar xizmati boshqarmasidan olingan ma’lumotlar haqida ketmoqda, ular manzillar, ish haqi, ijtimoiy sug‘urta raqamlari, turli idora xodimlarining ismlari haqidagi maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti agentlari xavfsizlik sohasida muhim lavozimlarni egallagan millionlab davlat xizmatchilari, jumladan, g‘aznachilik va davlat departamenti amaldorlari haqidagi qat’iy cheklangan hukumat yozuvlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi, deydi ma’lumotlardan xabardor bo‘lgan to‘rt nafar ismi oshkor etilmagan amerikalik amaldor.

Ularning ta’kidlashicha, departament xodimlari ma’lumotlarga kirishning shunday darajasiga egaki, bu idora xodimlari haqidagi ma’lumotlarni nusxalash yoki o‘zgartirish imkonini beradi. Nashr bilan suhbatda kadrlar xizmati boshqarmasining ismi oshkor etilmagan ikki amaldori AQSH prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi kuni Davlat boshqaruvi samaradorligi departamentining kamida olti nafar xodimi barcha kadrlar boshqaruv tizimlaridan keng foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Ular qaysidir xodimning papkasida yangi fayl yaratishi, qaydlarni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan. Ular ma’lum bir qaydni ma’lumotlar bazasidan o‘chirib tashlashi, barcha hozirgi yoki sobiq xodimlar haqidagi ma’lumotlarni o‘zlariga eksport qilishi yoki boshqa mamlakatga yuborishi mumkin edi, deya qo‘shimcha qildi amaldorlardan biri.

Nashrning ta’kidlashicha, amaldorlarning hech biri Maskning departamenti xodimlari “bunday ishlar bilan shug‘ullanganini” ko‘rmagan. Biroq rasmiylar bunday darajadagi ma’lumotlardan xavotir bildirgan.

Avvalroq Bloomberg Mask boshchiligidagi DOGE mutaxassislari firibgarlik va samarasiz xarajatlarni aniqlash maqsadida Medicare va Medicaid (CMS) markazlarining to‘lov va shartnoma tizimlariga kirishganini ma’lum qilgan edi.

Tramp avvalroq Mask va tadbirkor Vivek Ramasvami “behuda sarf-xarajatlarni kamaytirish va federal agentliklarni qayta tashkil etish” uchun mo‘ljallangan davlat samaradorligiga erishish bo‘yicha yangi departamentga rahbarlik qilishini e’lon qilgan edi. Keyinchalik Ramasvami DOGE rahbariyatidan ketishini ma’lum qildi. ABC News telekanali xabariga ko‘ra, u tez orada Ohayo shtati gubernatori lavozimiga nomzodini qo‘yish rejalarini e’lon qilishi mumkin.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar