27-mart kuni Toshkent shahrida Afg‘oniston muammolariga bag‘ishlangan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston poytaxti ko‘pdan buyon bu qadar katta xalqaro tadbirga mezbonlik qilmagan edi (2016-yil 23–24-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan ShHT Toshkent sammiti, ko‘lamiga qaramay, faqat ma’lum mintaqa vakillarini to‘plagan edi). Bo‘lib o‘tgan tadbir O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘ini ko‘tarishiga, imijini yaxshilashiga, faol mintaqaviy o‘yinchi sifatidagi pozitsiyasini belgilab berishiga hech qanday shubha yo‘q. O‘tgan konferensiyadan xulosalar qilish, erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlildan o‘tkazish — mahalliy ekspertlar zimmasidagi vazifa. Men esa o‘zim yaxshiroq tushungan sohaga urg‘u berib, bir savolga javob qidirib ko‘rmoqchiman: Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi siyosat tilining taqdiriga qanday ta’sir o‘tkazadi?
Izoh:
Siyosat tili — o‘zbek tili rasmiy uslubining bir qismi. Og‘zaki va yozma siyosiy matnlar tili. Bu tildan siyosatchilar, siyosatshunoslar va siyosiy jurnalistlar foydalanadi.
Uni “siyosiy til” tushunchasi bilan farqlash lozim. Siyosiy til — til bilan bog‘liq davlat siyosati. “Til siyosati” o‘rniga “siyosiy til” deyishdan maqsad — tilning mohiyatan siyosiy hodisa ekanligiga urg‘u berish.
“Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng...”
O‘zbekistonda siyosat tili bundan bor-yo‘g‘i bir yilcha muqaddam qat’iy qolipga solingan va mahdud edi. Uning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat edi:avvalambor, siyosat tili faqatgina ichki kun tartibiga yo‘naltirilgan edi. Ya’ni, siyosiy matnlar va nutqlarning deyarli barchasi O‘zbekistonga oid edi, xalqaro siyosat sohasida qalam tebratishga da’vogar oz sonli mualliflar ham “ma’naviyatimizga tahdid”, “chirib borayotgan G‘arb” qabilidagi olabo‘jishunoslikdan nariga o‘ta olmas edi;
ikkinchidan, siyosat tili o‘ziga xos paradigmalar — qolip so‘zlar va iboralardan tashkil topgan edi. “Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng...”, “barcha sohalarga e’tibor qaratib kelinmoqda”, “islohotlar natijasi o‘laroq...”, “uzoq istiqbolni ko‘zlagan holda...” singari balandparvoz jumlalar matndan matnga ko‘chib yurib, har qanday mavzudagi materialga moslashib ketadigan universal formulalarga aylanib qolgan edi. Bunday formulalardan hamma har xil maqsadda foydalanardi: rasmiy axborot kanallari targ‘ibot maqsadida ishlatsa, alohida mualliflar o‘zining loyalligini (sadoqatini) ko‘rsatish uchun rasmiy tildagi butun boshli gap va jumlalarni to‘lig‘icha ko‘chirar, yana ba’zi birovlar esa shunchaki professional emasligini yashirish uchun tayyor qoliplarga murojaat etar edi;
uchinchidan, siyosat tili tashqaridan O‘zbekiston haqida aytilayotgan fikrlar, bu fikrlarni ifodalashda qo‘llangan sifatlar, iboralar bilan mutlaqo hisoblashmas edi. Chet elda O‘zbekiston haqida nima deyilishiga, qanday ta’riflar ishlatilishiga butunlay ko‘z yumilar edi.
O‘zgarishlar, yuqorida aytganimdek, oldinroq — bir – bir yarim yil muqaddam boshlandi. Xalqaro press-klub majlislarida, tok-shoularda jurnalistlarning, amaldorlarning tili va uslubi o‘zgara, zamonaviylasha bordi, shiorbozlikdan chetlashib, bahs-munozaralar olib borildi. Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvidan olib borilgan jonli efirlar, reportajlar, tadbirga bag‘ishlangan dasturlarda endi mintaqaviy va xalqaro siyosat haqida ham shablonlarsiz so‘z yuritildi. Bir so‘z bilan aytganda, siyosat tili sekin-asta taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarila bordi. Kecha bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbir esa bu ijobiy o‘zgarishlarni to‘laqonli ko‘rsatib berdi.
Shu davr ichida nimalar o‘zgardi?
- psixologik chegara olib tashlandi. Rahbariyatning og‘ziga qarab turadigan, so‘ng u aytgan so‘zlar va jumlalarni takrorlab yuradigan o‘rta qatlam amaldorlari va ko‘pgina jurnalistlar nihoyat qoliplarsiz gapirish mumkinligini ko‘rdi va buni tegishli signal o‘laroq qabul qildi. Endi rasmiy hujjatlardan ko‘chirilgan iboralarni har abzatsda takrorlash bilan loyallikni ko‘rsatishga hojat yo‘qligi anglashildi;- siyosat tilida nihoyat O‘zbekiston haqida emas, boshqa davlat haqida ko‘proq gapirildi. Ya’ni o‘zbek tilida xalqaro siyosat haqida ham gapirish va yozish mumkinligi namoyish etildi;
- siyosat tili xalqaro siyosat tili bilan hisoblasha boshladi, uning atamalarini, xalqaro miqyosdagi nuqtai nazarlarni o‘zlashtira boshladi. Masalan, ilgari “Tolibon” haqida faqatgina terroristik tashkilotlardan biri sifatida gapirilar edi, endi esa rasmiy manbalarda u “ixtilof tomoni” sifatida ta’rif etildi. Bu bilan Afg‘oniston bo‘yicha rus va ingliz tillarida yozilgan matnlar uslubi o‘zlashtirildi. O‘zbekiston vakillari ham chet ellik mehmonlar bilan suhbatlar asnosida o‘z tillarini erkinlashtirishga, qoliplarsiz, zamonaviy uslubda gapirishga urindi.
Kamchiliklar ham bo‘ldimi?
Albatta. Bu birinchi navbatda bunday miqyosdagi xalqaro tadbirlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritishdagi tajribasizlikda, jurnalistlar xalqaro siyosat, umuman siyosat haqida gapirishga o‘rganmaganida ko‘rindi. Har qancha urinmasin, ko‘pgina qatnashchilar o‘z nutqida yuqorida aytilgan qoliplardan butunlay voz kecha olmadi.Bundan tashqari, O‘zbekistonda xalqaro siyosatga va aynan Afg‘oniston mavzusiga ixtisoslashgan malakali siyosatshunoslar, siyosiy jurnalistlar yo‘qligi ko‘rinib qoldi. Rasmiy axborot kanallari — Prezident matbuot xizmati, O‘zA va “O‘zbekiston 24” telekanali konferensiyani zamonaviy formatda va uslubda tezkor va batafsil yoritib borishga urindi va bu borada yaxshi natijalar ko‘rsatdi. Asosiy axborot tarqatish vositalariga aylanib qolgan yangilik saytlari esa tilga olingan manbalardan olingan rasmiy xabarlarni o‘z sahifalarida qayta chop etib bordi. Aslida esa ulardan rasmiy manbalar e’tibor qaratmagan tafsilotlarni va detallarni yoritish, shuningdek, poytaxtda bo‘lib o‘tgan ulkan xalqaro ahamiyatga ega tadbir haqida mustaqil tahliliy materiallar tayyorlash — ekspertlarning fikrlarini e’lon qilish, oliy martabali mehmonlardan qiziqarli intervyular olish, Afg‘oniston, mintaqaviy hamkorlik, O‘zbekistonning xalqaro siyosati va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan tahliliy maqolalar va sharhlar chop etish talab etilar edi.
Ekspertlar ham bot-bot ta’kidlayotganidek, Toshkent mintaqaning asosiy siyosiy markazi nomini qo‘lga kiritish (yoki qaytarib olish) uchun kurash boshladi. Bu kurash, bu sa’y-harakatlar yo‘lida yana ko‘plab muhim xalqaro anjumanlar, umumjahon miqyosidagi siyosiy tashabbuslar, turli yirik tadbirlar amalga oshiriladi, katta ehtimol bilan jahon mamlakatlari yetakchilari, taniqli arboblar endi tez-tez O‘zbekistonda mehmon bo‘ladi. Bu esa o‘zbek jurnalistikasi va siyosati oldiga yangi vazifalar qo‘yadi, yangi mas’uliyat yuklaydi. Kutilayotgan tashabbuslar va tadbirlarni yoritish va to‘laqonli ochib berish, chet ellik hamkasblar bilan tengma-teng muloqot olib borish uchun mutaxassislar jamoasini shakllantirish qatorida siyosat tilini yanada rivojlantirish, yanada zamonaviylashtirish talab etiladi. Oxirgi paytlarda bu yo‘nalishda ro‘y bergan o‘zgarishlar, erishilgan yutuqlar inobatga olinsa, jarayon muvaffaqiyatli davom etishiga ishonaman.
Izoh (0)