“Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lida bir dona avtomatlashtirilgan fotoradar o‘rnatiladi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent viloyati IIB YHXB xabar berdi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumani hokimiyati tashabbusi bilan viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan A 373 “Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lining 142-kilometri – “Qoraxitoy” qishloq fuqarolar yig‘ini hududiga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd qiluvchi fotoradar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq 16-fevraldan “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Termiz” avtomobil yo‘lining 806-871 kilometlari oralig‘ida (Toshkent shahri chegarasidan Sirdaryo viloyati hududigacha) yangi namunadagi maxsus avtomatlashtirilgan 3 dona fotoradar uskunasi rasman ishga tushirilgani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur fotoradarlar yordamida 13-martga qadar 29 ming 400 dan ortiq haydovchi belgilangan tezlik talabini buzgan.
Izoh (0)