“O‘zbekiston Respublikasida limonchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali orqali ma’lum qilindi.

Foto: Telegram / “Huquqiy axborot”

Qaror bilan Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etildi.

Tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar shartnoma asosida Uyushmaga mustaqil a’zo bo‘lishlari mumkin va uning tarkibidan chiqish huquqiga ega.

Uyushmaning asosiy vazifalaridan biri respublikada limon ko‘chatlarini yetishtirish va limon yetishtiruvchi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishni kompleks rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish, sohada yagona ilmiy-texnikaviy, texnologik, investitsion va eksport siyosati amalga oshirilishiga ko‘maklashish hisoblanadi.

Qaror bilan respublikada limon hosili yetishtirishning umumiy prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Xususan, 2018–2021-yillarda jami 2240 gektar yerda limonzor tashkil etilib, undan 2025-yilga kelib 63300 tonnadan ziyod hosil olish rejalashtirilmoqda.