Oʻzbekiston Milliy aviakompaniyasi o‘z yoʻlovchilariga yangilangan servis mahsulotlari hamda ovqatlarini taqdim etadi, deb xabar berdi “O‘zbekiston havo yo‘llari” matbuot xizmati.
1-martdan boshlab “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ning 5 soatdan ortiq davom etadigan parvozlarida biznes-klass yoʻlovchilari uchun yangi dizayndagi va tarkibdagi yoʻl toʻplamlari taklif etiladi. Parvoz paytida zarur boʻladigan servis ashyolaridan tashqari unga kosmetik vositalar – Fransiyaning parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqaradigan taniqli kompaniyasining qoʻl uchun namlantiruvchi kremi, lab uchun balzam ham kiritilgan.
MAKning oʻrta masofadagi qatnovlarining biznes klass yoʻlovchilari uchun ham yoʻl toʻplamlari yangilandi va toʻldirildi. Yoʻl davomida kerak bo‘ladigan qalin roʻmollar va yostiqlarning dizayn va sifati ham oʻzgardi. MDH mamlakatlariga Boeing 767 va Boeing 787 Dreamliner havo kemalarida bajariladigan qatnovlarda parvozni qulay oʻtishiga imkon beradigan ergonomik shakldagi yostiqlar taklif etiladi.
Bundan tashqari, yoʻlovchilarning istaklarini inobatga olgan holda MAK xalqaro qatnovlarida ovqatlar turlari yangilandi. Biznes-klass yoʻlovchilari menyusiga yangi turdagi yaxna ovqatlar, desertlar va issiq ovqatlar kiritildi.