Misrda 3-mart, shanba kuni yuz bergan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, 20 dan ziyod odam tan jarohati oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Avariya “Qohira—Ismoiliya” yo‘lida yuz bergan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mikroavtobus haydovchisi katta yo‘lda boshqa transport vositasi bilan to‘qnashuvdan qochishga uringan, biroq boshqaruvni yo‘qotib, yo‘ldan chiqib, ag‘darilib ketgan”, — deyiladi Misr IIV axborotida. Oqibatda ichi yo‘lovchi bilan to‘la mikroavtobus yonib ketgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Misr yo‘llarida har yili 12 mingga yaqin odam halok bo‘ladi. Ayni vaqtda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning 48 foizi — avtotransport yo‘lovchilari, 20 foizi esa piyodalardir.