Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 3-mart kuni mamlakatni gaz bilan ta’minlash jarayoni barqarorlashganini ma’lum qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
“Yevropa Ittifoqidan gaz yetkazib berish hajmi keskin oshirildi: Polsha, Slovakiya, Vengriyadan gaz yetkazib berilmoqda. Mahalliy vaqt bilan soat 10:20 holatiga ko‘ra, butun taqchillik to‘liq qoplangan”, — dedi Poroshenko.
2-mart kuni Ukrainaning “Naftogaz” kompaniyasi mamlakat aholisini gazni iqtisod qilishga chaqirgan edi. Hukumat maktab va bolalar bog‘chalarini vaqtincha yopishni tavsiya qildi. Fuqarolar inshootlardagi haroratni 1—2 darajaga pasaytirishga da’vat qilindi.
Ukrainadagi gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar Stokgolm arbitrajining “Gazprom” va “Naftogaz” o‘rtasidagi bahs yuzasidan chiqargan qarori sabab boshlandi — sud qarori Rossiya tomonini qoniqtirmadi. “Gazprom” mart oyida yetkazib berilishi kerak bo‘lgan gaz uchun to‘lovni Ukrainaga qaytarib berdi, gaz quvuridagi bosimni pasaytirdi va “Naftogaz” bilan shartnomalarni bekor qilmoqchi ekanini bildirdi.
Izoh (0)