O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-fevral kuni eksportni ko‘paytirish va importni qisqartirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturida yig‘ilishdan reportaj namoyish etildi.

Prezident yig‘ilishda eksportchilar uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ta’kidlagan.

Biz eksport bilan importni hisob-kitob qilishni o‘rganmaganmiz. Olib kelgan odam olib kelavergan, kim qo‘l qo‘ysa qo‘l qo‘yavergan. Bozor topish azob deb bekorga aytmayapman. Bozorni kim topadi? Raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqargan davlat, kon’yuktura qanchalar og‘ir bo‘lmasin, sifatli mahsulot bilan albatta o‘z bozorini topadi.

Agar eksport bilan importni har kuni hisob-kitob qilmas ekanmiz, biz hozir qo‘ygan vazifalarimizni hech qachon uddalay olmaymiz. Bugundan boshlab eksport ko‘paytirish, pirovardida importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlarning haqqoniy holatini tanqidiy ko‘rib chiqishimiz shart. Agar biz shuni o‘zimiz tanqidiy ko‘rib chiqmas ekanmiz, biz uchun hech kim qilib bermaydi.

Endi bu boradagi ishlarni tashkil etish va nazorat qilishning butunlay yangi tizimi joriy etiladi. Paxta klasteri qilganimizdek, eksport tashkil qiluvchi klaster tuzamiz. Unga hamma sharoitlarni yaratib beramiz. Viloyatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligi eksportni ko‘paytirib, importni kamaytirish bilan bog‘liq bo‘ladi. Eksportni ko‘paytirmasak, eksport bilan har kuni shug‘ullanmasak, iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo‘lmaydi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Prezident matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, endi eksportni tashkil etish va monitoring qilishga bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov va bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Erkaboy Tojiyev rahbarligidagi guruh javob beradi. Joylarda eksport bilan shaxsan viloyat hokimi va viloyat prokurorlarining birinchi o‘rinbosarlari shug‘ullanadi.

Importni qisqartirish ishlarini tashkil etish va monitoring qilish bo‘yicha respublika Ishchi guruhi ham tuzilib, unga Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i rahbar etib belgilandi. Xuddi shunday ishchi guruhlar hududlarda ham tashkil etiladi va ularga hududiy departament boshliqlari rahbarlik qiladi.

Departamentning vazifalari bugungi kun talablari, import va eksport masalalarini tartibga solish nuqtai nazaridan tubdan o‘zgartiriladi. Departament O‘zbekistondan valyuta maqsadsiz chiqib ketishining oldini olish, importni qisqartirish, uning o‘rnini bosadigan mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishi zarurligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu ishchi guruhlar joylarda har bir tadbirkor bilan uchrashib, ularga eksport hajmini oshirishi uchun real yordam berishi, mahsulot eksport qilayotganlarga “yashil koridor” qilib berishi lozim. Shu bilan birga, importni muntazam tahlil qilib, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘mak berishlari zarur. Vazirlar va tarmoqlar rahbarlari ham o‘z faoliyatini xuddi shu tartibda tashkil etadi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Eksport va import bo‘yicha qilinayotgan ishlar bosh vazir hamda bosh prokuror rahbarligida haftada ikki marta muhokama qilinadi. Masalan, tumanlardagi Ishchi guruhlar fermerlar va aholi tomorqalarida serdaromad meva-sabzavot ekinlari ekish, ularni urug‘lik, mablag‘, o‘g‘it, yoqilg‘i bilan ta’minlash ishlarini tashkil etishga ko‘maklashadi. Har bir tumanda meva-sabzavotni eksport qiluvchi korxona tashkil etish ham bu boradagi muhim vazifa hisoblanadi.