O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Root Extract xususiy korxonasi asoschisi Kozim Niyazovning Hindistonga xizmat safarini amalga oshirishga ko‘maklashdi, deb xabar beradi “Jahon” axborot agentligi.
“2014-yilda tashkil etilgan Root Extract MChJ qizilmiya ildizini yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida ushbu o‘simlik ekinzorlari mavjud. Bugungi kunda mahsulotni qayta ishlash jarayoniga innovatsion g‘oyalarga asoslangan so‘nggi texnologiyalar jalb qilinmoqda” — deyiladi xabarda.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Hindiston iste’mol bozoriga olib kirish, bu borada yirik hamkorlar bilan uzoq istiqbolga mo‘ljallangan aloqalar o‘rnatish maqsadida joriy yilning 19—23-fevral kunlari O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi bilan hamkorlikda korxona rahbarining Hindistonga safari amalga oshirildi.
Tashrif davomida “Hindiston-MDH” Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, Dabur India Limited, Nature & Nurture Healthcare, La Fresh Fruits va boshqa hind kompaniyalari bilan muzokaralar tashkil etildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida Root Extract xususiy korxonasi tomonidan 2018-yilda Hindiston bozoriga 600 ming AQSh dollari qiymatida qizilmiya mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tomonlar hamkorlik ko‘lamini bosqichma-bosqich kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Xususan, hindistonlik hamkorlar bilan birga O‘zbekistonda qizilmiyadan dorivor mahsulotlar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.
Izoh (0)