Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida ro‘y bergan, bir oilaning yetti a’zosi halok bo‘lishiga olib kelgan mudhish yong‘indan so‘ng boshlangan yong‘in xavfsizligi o‘n kunligi tadbirlari davom etmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
“So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston hududida sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz hodisalar, ya’ni o‘ziga xos yong‘inlar va ularning oqibatida keltirilayotgan katta miqdordagi moddiy zarar hamda fuqarolarning bevaqt hayotdan ko‘z yumayotganliklari ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Bunday holatlardan biri 15-fevral kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumani, Bog‘ mahallasi Bog‘ ko‘chasi 29-blok, 22-uyda sodir bo‘lgan yong‘inlardan biridir”, — deyiladi xabarda.
Shu holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi rahbarlari tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan “Yong‘in xavfsizligi o‘n kunligi” tadbiri respublika, xususan, Toshkent shahrining barcha tumanlarida ham o‘tkazilmoqda. Yong‘in profilatik tadbirlari joriy yilning 22-fevral kuni Olmazor tumanida keng ko‘lamda o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbirda yong‘in xavfsizligi xizmati rahbarlari, tuman hokimi va o‘rinbosarlari, turli nazorat idoralari, gaz va elektr ta’minoti korxonalari va jamoatchilik vakillari jalb etilib, tumandagi “Beshqo‘rg‘on”, “Olimpiya”, “Ahil”, “Chig‘atoy darboza”, “Eski shahar”, “Qo‘shtut” va “Hofiz Ko‘hakiy” mahallalari xududida joylashgan, 16 ta davlat tasarrufidagi maskanlarda yong‘in texnik tekshiruvlar, 2 ming 534 ta shaxsiy fuqarolar yashash uylari, mahalla faollari, uy boshi va xonadon egalari bilan uyma uy yurgan holda o‘rganib chiqilib, aniqlangan 241 ta yong‘inga qarshi kamchiliklardan 215 tasi joyida bartaraf etilishiga erishildi.
Bu mahallalarda joylashgan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlari kabi, 15, 24, 102, 261, 298, 315-sonli umumta’lim maktablarida, 14-sonli oilaviy poliklinikasida va tadbir o‘tkazilgan yettita mahalla idoralarida 29 marotaba 847 nafar o‘quvchi va murabbiylar, ishchi xizmatchilar va mahalla faollari bilan keng qamrovli uchrashuvlar o‘tkazilib, jami 4685 nafar fuqarolar bilan yong‘in xavfsizligi ta’minlash yuzasidan targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlari olib borildi.
Ushbu profilaktik tadbirlar 20-fevral kunidan boshlab 2-mart kuniga qadar, qo‘shimcha ravishda har tumanlar hududida o‘tkazib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 20-21 fevral kunlari ushbu tadbirlar Uchtepa va Shayxontoxur tumanlari hududida o‘tkazilgan edi.
Izoh (0)