Superliganing yangi mavsumiga tayyorgarlikni Amirliklarda olib borayotgan Toshkentning “Paxtakor” klubi “Al-Dafra” ustidan zafar quchdi.
Dubaydagi “Jebel Ali” maydonida o‘tgan o‘yinda “Paxtakor”ning legioner futbolchilari o‘zini ko‘rsatdi. Avvaliga avstraliyalik Rostin Griffits raqib postiga gol urgan bo‘lsa, keyinroq portugaliyalik Ismoil Gonsalvesh hisobdagi ustunlikni oshirdi.
Bungacha “Al-Dafra” klubi sobiq “paxtakorchi” Igor Sergeyevni o‘z safiga qo‘shib olgandi. Amirlik chempionatida 10-o‘rinni egallab turgan “Al-Dafra”dagi to‘rtinchi o‘yinida Sergeyev debyut golini urishga erishgandi. “Paxtakor” matbuot xizmatining xabar berishicha, Sergeyev sobiq jamoasiga qarshi bellashuvda ishtirok etgan.
Avvalroq poytaxtning boshqa bir klubi “Bunyodkor” o‘zining sobiq futbolchisi Otabek Shukurov to‘p surayotgan klub ustidan ishonchli g‘alabaga erishgandi.
Izoh (0)