12—13-fevral kunlari Navoiy shahrida “Navoiy vorislari” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda ko‘rik-tanlov tashkilotchilari “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: “Milliy tiklanish”demokratik partiyasi matbuot xizmati

Ko‘rik-tanlovda ishtirokchilar to‘rtta shart — eng ko‘p g‘azal yod olish, g‘azalni bexato va ifodali o‘qish, g‘azal matnining nasriy bayonini yarata olish, undagi so‘zlar mazmun-mohiyatini izohlab berish kabi shartlar bo‘yicha bahslashdi.

Foto: “Milliy tiklanish”demokratik partiyasi matbuot xizmati

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 5-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Shaxzodaxon Rahmonova Alisher Navoiyning 457 ta g‘azalini, shuningdek, shoirning yana qo‘shimcha ravishda “Lison ut-tayr” (366 ming baytdan iborat) dostonini yaxlit yod olgani aniqlandi hamda uning salohiyati Navoiyshunos mutaxassislar yordamida jamoatchilik oldida yana bir bor imtihondan o‘tkazildi. Sahnada mutaxassislar tomonidan ishtirokchiga Alisher Navoiy devonidagi g‘azallarning birgina satrini o‘qib eshittirib, uni davom ettirish sharti qo‘yilganda, Shaxzoda Rahmonova hay’at a’zolari tomonidan taqdim etilgan mumtoz adabiyot namunalarini hali hay’at birinchi satrini o‘qib ulgurmasdan u birorta xatosiz g‘azallarni aytib berdi va 5-sinf o‘quvchisi ushbu tanlovning mutlaq g‘olibi va kashfiyoti deb e’lon qilindi hamda eng oliy mukofotga loyiq, deb topildi.

Foto: “Milliy tiklanish”demokratik partiyasi matbuot xizmati

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 30-sonli umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Sitora Isoqova, Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 34-sonli umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Marjona Nodirqulova 2-o‘ringa, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi 34-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi Xosiyatxon Sirojiddinova 3-o‘ringa loyiq, deb topildi.

Foto: “Milliy tiklanish”demokratik partiyasi matbuot xizmati

Tadbir yakunida g‘oliblarga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Navoiy viloyati hokimi Qobiljon Tursunov Navoiy viloyati ishtirokchisi Marjona Nodirqulovaga Prezident sovg‘asi sifatida 50 000 000 so‘m pul mukofotini taqdim etdi hamda 14-fevral kuni viloyat hokimi Navbahor tumani hokimi bilan birgalikda tanlov g‘olibi ta’lim olgan 34-sonli umumta’lim maktabida unga qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.

“Navoiy vorislari” ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Foto: “Milliy tiklanish”demokratik partiyasi matbuot xizmati