2018-yilning 15-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Norvegiya Qirolligining (qarorgohi Oslo shahri) favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Ole Johan Bjornoyni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vazir elchining ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, uni O‘zbekistonga tayinlangani bilan tabrikladi va mas’uliyatli lavozimda samarali ishlashni tiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston—Norvegiya kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Turli sohalardagi hamkorliknining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash va muvofiqlashtirishga imkon beradigan vazirliklararo maslahatlashuvlarni muntazam tarzda o‘tkazish qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish uchun mavjud ulkan salohiyatni amalga oshirish orqali o‘zaro tovar ayirboshlashni oshirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish chog‘ida BMT va YXHT doirasidagi hamkorlik masalalari, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)