O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining buyrug‘i bilan agentlik markaziy apparati, tizimdagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, Toshkent shahar va viloyatlar matbuot va axborot boshqarmalari rahbar-xodimlari har oyda kamida bittadan badiiy asar o‘qishi lozimligi belgilab qo‘yildi, deb xabar beradi agentlik matbuot xizmati.
“Rahbar bo‘lsang, kitob o‘qi!” ma’naviy-ma’rifiy tashabbusiga asosan tizim bo‘yicha har oyning oxirgi shanba kuni “Mutolaa hisoboti” kuni etib belgilandi. Unga ko‘ra, har bir rahbar-xodim o‘sha kuni o‘zi ishlayotgan idoraning rasmiy veb-saytida o‘qigan kitobi haqida yozgan taassurotlarini e’lon qiladi.
“Eng kitobxon rahbarlarning yozgan hisobotlariga qarab O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan rag‘batlantirib boriladi. Bunda rahbar-xodimning o‘z oilasida kitob o‘qishga targ‘ib qilish faoliyati ham hisobga olinadi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, agentlik 1500 dan oshiq ommaviy axborot vositasi, 130 dan ortiq nashriyot va 1800 ga yaqin bosmaxonada mehnat qilayotgan minglab soha rahbarlarini ham ushbu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlashga chorladi.
Izoh (0)