Buxoro shahar IIBga, Urganjiyon ko‘chasida yashovchi Muhammedov A’zam Muzaffarovich ariza bilan murojaat qilib, firibgarlik jinoyati haqida ma’lum qildi. Bu haqda Buxoro IIB “Daryo”ga ma’lum qildi.
Arizaga ko‘ra, Sharq-1 ko‘chasi, 23/77-xonadonda yashovchi, Qo‘ldashev Rajabboy Ergashevich o‘zining jinoiy sherigi Luna Sale Plyus MChJ rahbari, Bog‘ishamol ko‘chasi 28-uyda yashovchi, 1980-yilda tug‘ilgan Narzullayev Umid Nurullayevich bilan o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, uning ishonchiga kirib Mustaqillik ko‘chasida joylashgan Flagman kafesi oldida uchrashib, unga arzon narxda avtomashina olib berishni va’da qilib A.M.Muhammedovning 4 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, R.Qo‘ldashev va U.Narzullayev o‘zining jinoiy harakatlarini qasddan davom ettirib, Romitan tumani, Furqat ko‘chasi 12-uyda yashovchi Qurbonov Rahim Nizomovichning ham ishonchiga kirib, Gazli shoh ko‘chasi hududida uchrashib, unga arzon narxda avtomashina olib berishni va’da qilib, R.N.Qurbonovning 10 400 000 so‘m naqd pul va 2,7 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan R.Qo‘ldashev va U.Narzullayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)