O‘zbekiston Oliy Ligasining so‘nggi mavsumini kuchli beshlikda yakunlagan “Lokomotiv”, “Nasaf”, “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Buxoro” klubi rahbarlari mart oyida Angliyaga tashrif buyuradi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati ma’lumot berdi.
2017-yil so‘ngida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Angliyaga tashrif buyurgan bo‘lib, mahalliy futbol assotsiatsiya vakillari bilan uchrashgan va o‘zaro hamkorlik borasida kelishuvga erishgandi. Mana shu bitimning birinchi missiyasi sifatida Angliya o‘z eshiklarini “Everton” orqali ochadigan bo‘ldi.
O‘zbekistonlik mutaxassislar bunda zamonaviy futbol strukturasi qanday bo‘lishi borasida tasavvur hosil qiladi. Ishni qanday yo‘lga qo‘yish, akademiya, muxlislar, futbolchi va murabbiylar bilan qanday ishlash kerakligini o‘rganadi va orttirilgan tajribani o‘z klublarida qo‘llashga intiladi.
Angliya — futbol infratuzilmasi, akademiyalar nufuzi va boshqa bir nechta jihatlar borasida dunyoda yetakchi. Londonga qilgan tashrifimizda O‘zbekiston klublari direktorlarini Angliyaga malaka oshirish uchun jo‘natish borasida kelishuvga erishgandik. Bu mamlakatimizdagi futbol infratuzilmasi rivoji yo‘lida xizmat qilishiga umid bildiraman.Umid Ahmadjonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti
O‘zaro hamkorlik bu bilan to‘xtab qolmaydi. O‘FA rejasida Londonning “Arsenal” klubi bilan ham hamkorlik qilish bor. Mart oyida 5 ta klub rahbariyati “Everton”da malaka oshirsa, keyinroq bir qator mutaxassislar “Arsenal”ga tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etish kerak, avvalroq Umid Ahmadjonov Ispaniya futbol federatsiyasi bilan ham shu kabi hamkorlik borasida kelishuvga erishgandi.
Izoh (0)