Italiyaning Salini Impregilo kompaniyasi rahbari Piyetro Salini Tojikiston rahbari Emomali Rahmonga Rog‘un GESining birinchi agregati 2018-yilning 16-noyabr kuni ekspluatatsiyaga topshirilishini va’da qildi. Bu haqda u tojik prezidenti bilan uchrashganidan so‘ng 31-yanvar kuni jurnalistlarga aytdi, deb yozadi “Telegraf.uz”.
Piyetro Salinining aytishicha, u Rog‘un GESi qurilish maydonida bo‘lgan va qurilish ishlari sur’atidan qoniqish hosil qilgan. “Men Janobi Oliylariga Rog‘un GESining birinchi agregati shu yilning 16-noyabr kuni ekspluatatsiyaga topshirilishiga va’da berdim”, — dedi Salini Impregilo kompaniyasi rahbari “Xovar” agentligiga.
O‘tgan yili Salini Impregilo muhandislik-qurilish kompaniyasi bayonot berib, 2018-yilda Rog‘un GESining ikkita agregati ekspluatatsiyaga tushirilishini va ishlab chiqariladigan elektroenergiya mamlakat yagona energetika tarmog‘i orqali yetkazib berilishini ma’lum qilgan edi.
Tojikiston hukumati o‘tgan yilning yozida Italiyaning kompaniyasi bilan Rog‘un GESini qurib bitkazish yuzasidan shartnoma imzolagan edi. Tojikiston hukumatining bayonotiga qaraganda, shartnoma qiymati 3,9 milliard dollarni tashkil qiladi. Suv omborining birgina to‘g‘oni qurilishi uchun 1 milliard 950 million dollar talab qilinadi.
Mamlakat asosiy energetika loyihasi — Rog‘un GESi qurib bitkazilishi uchun 4 milliard dollarga yaqin mablag‘ kerak. Tojikiston moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aholiga “Rog‘un GESi” OAJ aksiyalarini sotish evaziga 80 million dollardan ortiq mablag‘ to‘plandi. O‘tgan yili davlat budjetidan gidroelektrostansiya qurilishi uchun 2 milliard somoni (225 million dollar) mablag‘ ajratildi.
Rog‘un GESi Vaxsh daryosi qurilayotgan to‘qqizinchi gidroelektrostansiya hisoblanadi, inshoot Dushanbe shahridan 110 km uzoqlikda joylashgan. 335 metrlik Rog‘un GESi tosh-tuproqli jahondagi eng yirik to‘g‘on bo‘ladi.
Tojikiston rahbarning ta’kidlashicha, to‘g‘on Vaxsh daryosi quyida joylashgan yerlarni o‘zlashtirish va sug‘orishni, jumladan qo‘shni davlatlarni ham ta’minlaydi. Tojikiston o‘z qo‘shnilarini suvsiz qoldirmaydi, deya bayonot berdi Emomali Rahmon.