AQShning viza berilishi bilan bog‘liq sanksiyalarida istisnolar bo‘lishi mumkin. Bu haqda Davlat departamenti rasmiy vakili Xizer Noyert ma’lum qildi, deya xabar beradi “Korrespondent.net”.
“AQShning xavfsizlik sohasidagi milliy manfaatlariga tegishli masala bo‘lsa, kerakli odamlar mamlakatga kelishi uchun viza bilan bog‘liq sanksiyalarni bekor qilishimiz mumkin. Rossiya hukumati bilan ko‘plab yo‘nalishlardagi kelishmovchiliklarga qaramay, birgalikda ishlashimiz talab etiladigan sohalar ham borligi sir emas. Ulardan biri — terrorchilik va IShIDga qarshi kurash”, — dedi Noyert.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSh senatorlari Rossiya razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkinning Vashingtonga tashrifi yuzasidan Oq uy ma’muriyatidan izoh talab qilgandi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.