Osiyo Chempionati U23 musobaqasini chempion sifatida yakunlagan Ravshan Haydarov boshqaruvidagi O‘zbekiston terma jamoasi Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo O‘yinlarida ham ishtirok etadi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Osiyo O‘yinlariga ham jamoani Ravshan Haydarovning o‘zi olib boradi. Tayyorgarlik esa mart oyidanoq boshlanadi. Ayni vaqtda O‘FA Saudiya Arabistoni futbol assotsiatsiyasi bilan Osiyo O‘yinlariga boradigan olimpiya termalari o‘rtasida 2 ta o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilish masalasida kelishib oldi. Uchrashuvlarning har ikkisiga ham O‘zbekiston mezbonlik qiladi.
Bungacha Farg‘onaga tashrif buyurgan O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, vodiyda olimpiyachilar ishtirokidagi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish taklifi bilan chiqqandi. Uning va’dasiga muvofiq, Saudiya Arabistoniga qarshi birinchi bellashuv 21-mart kuni Farg‘ona shahrida o‘tadi. 25-martda esa tomonlar Andijonda o‘zaro saf tortadi.
Chempion futbolchilarning vodiy muxlislari ko‘z o‘ngida maydonga chiqib kelishi, Navro‘z bayrami uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ladi, deb yozilgan O‘FA rasmiy saytida.
Izoh (0)