Bir muddat ilgari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani aholisi O‘zbekistondagi tojik maktablarida kadrlar yetishmasligi masalasini ko‘targan edi. Xalq ta’limi vazirligi bu masala bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi, deb xabar beradi O‘zA.
“Bugun turli ommaviy axborot vositalarida ‘O‘zbekiston tojiklari tojik maktablarining yopilishi ehtimolidan tashvishga tushdi’ sarlavhasi ostida bir qator maqolalar e’lon qilindi. Unda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi ta’lim tojik tilida olib boriladigan maktablar yopilishi mumkinligidan aholi xavotir bildirilganligi aytib o‘tilgan”, — deyiladi bayonotda.
Xalq ta’limi vazirligi bunday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qildi.
Bugungi kunda respublikamizda 245 ta umumta’lim maktabida ta’lim tojik tilida olib borilmoqda. Ulardagi 62 ming nafar o‘quvchiga 5 ming 755 nafar o‘qituvchi-pedagog tojik tilida ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Bo‘stonliq tumanidagi 8 ta umumta’lim maktabida 886 nafar o‘quvchiga 138 nafar o‘qituvchi tojik tilida ta’lim-tarbiya bermoqda.O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmasligi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda respublikamizdagi umumta’lim maktablarida ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Ular davlat ta’lim standartlari asosida chop etilgan 7 tildagi darsliklar bilan to‘liq ta’minlangan.
O‘zbekistonda ta’lim olish tilini millatidan qat’i nazar, ota-onalar farzandlari bilan tanlash huquqiga egadirlar. Bunday tajriba dunyodagi ko‘pgina rivojlangan davlatlarda ham yo‘lga qo‘yilmagan.
Izoh (0)