Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti faoliyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda ishtirok etgan senatorlar, deputatlar, siyosiy partiyalar, mamlakatda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda jurnalistlarga mazkur institutning asosiy vazifalari, tuzilmasi, ustuvor yo‘nalishlari va rejalari haqida ma’lumot berildi.
Institutda 37 shtat birligi joriy etilib, 7 bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular turli sohalar bo‘yicha qonunlarni takomillashtirish borasida ish olib boradi. Institut Oliy Majlisga kelayotgan turli takliflarni chuqur tahlil qiladigan ilmiy markaz vazifasini bajaradi.
Oliy Majlis huzurida tashkil etilgan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti yaqin vaqt ichida tadbirkorlik, savdo va ekologiya sohasidagi qonun hujjatlarini kodifikatsiya qilish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish, qonunlar ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq fuqarolar, tadbirkorlik va iqtisodiyotning ortiqcha byurokratik xarajatlarini bartaraf etishning istiqbolli yo‘llarini topish, jinoiy va jinoiy-protsessual qonunchilikni ishlab chiqish konsepsiyasini yaratishni rejalashtirmoqda.
Iqtisodiyot sohasida amaldagi qonunlarni inventarizatsiya qilish va uning natijalariga ko‘ra, taxminan 10 ta yangi qonun loyihasini tayyorlash belgilangan. Jumladan, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahriri tayyorlanadi.
2018-yilda institut Yevropa parlamenti tadqiqotlari markazi, AQSh, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya parlamentlarining ilmiy muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolashni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq deputat Rahimjon Hakimov mazkur institut direktori etib tayinlangani ma’lum qilingandi.
Izoh (0)