O‘zbekiston YaIMda yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil qiladi. Bu haqda Xalqaro press-klubning navbatdagi yig‘ilishida iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev bayonot berdi, deb xabar qiladi “Gazeta.uz”.
“Ekspertlarning baholashicha, yalpi ichki mahsulotlar yashirin iqtisodiyot ulush 50 foizdan oshadi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotning rivojiga va budjet to‘lishiga xalaqit beradi”, — dedi amaldor.
Uning so‘zlariga qaraganda, bu muammoni hal qilishdagi birinchi qadam valyuta bozorining liberallashtirilishi bo‘ldi, keyingi bosqichda esa soliq tizimi isloh etiladi.
“Masalan, qo‘shimcha qiymat solig‘i (20 foiz), agar u imtiyoz va preferensiyalar inobatga olinmagan holda undirilsa, davlat budjetining 80 foizigacha qoplashi mumkin. Aytmoqchimanki, biz 1-iyulgacha soliq tizimini qayta ko‘rib chiqamiz. Ikkinchidan, raqobat muhiti va barcha tadbirkorlar uchun teng shartlar yaratish bo‘yicha konkret takliflar kiritamiz, bu pinhona iqtisodiyotni legallashtirish imkonini beradi”, — ta’kidladi Mubin Mirzayev.
Pinhona iqtisodiyot ulushining tushirilishi soliq bazasini kengaytirishga yordam berishi hamda davlat budjetining daromad qismi barqarorligini ta’minlashi kutilmoqda.
Izoh (0)